01:27 / 16.11.2017
7579

Sh.Mirziyoyev: 2017 yilning 10 oyida umumiy jinoyatlar soni o‘tgan yilga nisbatan 14 foizga kamaygan

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 noyabr kuni mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda parlament va hukumat a'zolari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari mas'ul xodimlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi. Videoselektorda joylardan mahalliy hokimiyat organlari va boshqa mutasaddi idoralar rahbarlari qatnashdi.

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish, diniy ekstremizm, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikning boshqa shakllariga qarshi kurashish bo‘yicha tashkiliy-amaliy choralarni kuchaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish va samaradorligini oshirish, aholining huquqiy madaniyati va ongini yuksaltirish, bu borada davlat tuzilmalarining fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro samarali hamkorligini tashkil etish bilan bog‘liq aniq vazifalar belgilangan.

Mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi, «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlar, «Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Prezident qarori qabul qilinib, davlat organlari va keng jamoatchilik oldida turgan muhim vazifalar aniq va ravshan belgilab berildi.

Davlat idoralari, ziyolilar, mahalla faollari va boshqa jamoatchilik tuzilmalarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini birlashtirish orqali ishlar ta'sirchanligini oshirish maqsadida har haftaning payshanba kuni — «Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni» etib belgilandi.

Jumladan, joriy yilning 10 oyi mobaynida umumiy jinoyatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14 foizga, shundan talonchilik 16 foizga, bosqinchilik — 19 foizga, qotillik — 21 foizga, tovlamachilik — 22 foizga, bezorilik — 34 foizga kamayishiga erishildi.

Shuningdek, ayollar o‘rtasida jinoyat sodir etish holatlari 16 foizga, yoshlar o‘rtasida 14 foizga, voyaga yetmaganlar o‘rtasida 17 foizga kamaydi.

Aholi va jamoatchilik bilan yaqin hamkorlik va muloqot o‘rnatilgani natijasida 1 ming 243 mahallada birorta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Uyma-uy yurib aholi muammolarini o‘rganish natijasida 22 ming 370 oilaning notinchligiga barham berildi, 11 ming 345 yosh oila ajrashib ketishdan saqlab qolindi, mahalla posbonlarining tezkor xabarlari yordamida 4 ming 494 jinoyat fosh etildi.

Huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng tatbiq qilinmoqda. Jumladan, Toshkentda «xavfsiz shahar», Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlarida «xavfsiz turizm», Parkent tumanida «xavfsiz dam olish» kontseptual loyihalari joriy etilmoqda.

Mamlakatimizda savdo-sotiq, madaniy hordiq chiqarish va boshqa jamoat joylari, ta'lim muassasalarida jami 177 mingdan ortiq videokuzatuv moslamalari o‘rnatilishi natijasida ko‘plab og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni fosh etishga erishildi.

Top