08:46 / 17.11.2017
5175

Polaroid smartfonni fotoprinterga aylantiruvchi qurilma yaratdi

Motorola Moto Z smartfonlarining orqa paneliga o‘rnatiluvchi va ularning funksionalligini oshiruvchi Moto Mods qurilmalari qatori antiqa qurilma – Insta-Share mini-printeri bilan to‘ldirildi. Qurilma smartfondagi tasvirni bosmaga chiqarishga imkon beradi.

Bu mini-printer Polaroid bilan hamkorlikda yaratilgan bo‘lib, unga AQShda buyurtmalar olish boshlandi. Boshqa Moto Mods qurilmalari kabi ushbu gadjyet ham smartfonning orqa paneliga magnit yordamida qotiriladi. 

Polaroid Insta-Share Printer qurilmasi birinchi marta 2017 yil yanvarda CES ko‘rgazmasida namoyish qilingan.

Qurilma siyohlarsiz bosish texnologiyasi ZINK’ni qo‘llaydi. Bu texnologiya Polaroid tomonidan 1990-yillarda yaratilgan, 2005 yilda esa ZINK alohida kompaniya sifatida faoliyat yurita boshlagan. U ZINK-printerlar uchun zarur bo‘lgan termoqog‘ozni ishlab chiqaradi va ZINK-texnologiyani ixcham fotoprinterlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga litsenziya asosida beradi. Bunday printerlar, jumladan Insta-Share Printer 2 ga 3 dyuym o‘lchamdagi (taxminan 5 ga 8 sm li) suratlarni chop etadi. Chop etish uchun suratlarni nafaqat smartfondan, balki Facebook, Instagram yoki Google Photos’dan yuklash mumkin.

Qurilma 199 dollar – Polaroid’ning ZINK texnologiyasiga ega boshqa mobil printerlaridan 80 dollar qimmatroq turadi. Yangi qurilmaning portativligi shartlidir, chunki bunday qalin o‘lchamli qurilma bilan hamma smartfonni ham cho‘ntakka joylashtirib bo‘lmaydi.

Mavzuga oid
Top