12:50 / 18.11.2017
9416

AQSh Saudiyaning mudofaa tizimini tezkorlik bilan mustahkamlamoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati Saudiya Arabistonining raketalarga qarshi mudofaa tizimini tezkorlik bilan mustahkamlash uchun yo‘llar qidirmoqda. Bu haqda Qo‘shma Shtatlarning The Wall Street Journal nashrida e'lon qilingan maqolada aytiladi.

Nashr manbalari ma'lumotiga ko‘ra, Vashington mintaqadagi vaziyatga yechim topish bo‘yicha o‘z sa'y-harakatlarini faollashtirdi. Bunga Saudiya Arabistonida shahzodalar va rasmiy shaxslarning hibsga olinishi, “Livan bosh vazirining Ar-Riyodga tashrifi vaqtidagi shubhali iste'fosi” hamda “Yamanda Tehron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi isyonchilarning Eronda ishlab chiqarilgan raketaning uchirilishi” sabab bo‘lgan. 

Maqolada aytilishicha, “Tramp ma'muriyati Livandagi siyosiy noaniqlikdan chiqishga erishmoqchi, bu AQSh va Saudiya Arabistoni Vashington mintaqadagi eng asosiy tahdidlar sifatida qabul qiluvchi masalalarga bor e'tiborini qaratishi uchun kerak. Masalalar orasida esa Eron tomonidan Yaqin Sharqdagi ittifoqchilariga eng yangi qurollarni yetkazib berish ham bor”. 

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Vashingtonda, xususan, “Saudiya Arabistoni o‘zini kelajakdagi istalgan raketa zarbalaridan himoya qilish uchun imkoniyatlarga ega bo‘lishini kafolatlashga” harakat qilishmoqchi. Maqolada aytilishicha, Tramp ma'muriyati Ar-Riyod tomonidan qiymati 15 mlrd. dollarga qadar bo‘lgan raketalar, uchirish tizimlari va radiolokatsiya qurilmalarini sotib olinishiga ruxsat berdi. Bu kelishuvning bajarilishi, The Wall Street Journal manbalari so‘zlariga ko‘ra, Yamanning Ar-Riyod tomon raketa uchirgani tufayli yanada tezlashishi mumkin.

Mavzu
Saudiya Arabistonida taxt kurashi

4 noyabr kuni Saudiya Arabistonida 11 nafar shahzoda va 4 nafar yuqori martabali amaldor korrupsiyada ayblanib hibs qilindi. Bu hodisa valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmonning o‘z raqobatchilaridan qutulish yo‘lidagi harakati sifatida baholanmoqda.

Barchasi
Top