17:10 / 18.11.2017
20636

Bitkoinni taqiqlagan 5 davlat

Foto: Reuters

Kriptovalyutaning mashhurligi kun sayin oshib bormoqda va uning kundalik hayotdagi mavjudligiga e'tibor bermaslik kun sayin og‘ir masalaga aylanmoqda. Hukumatlar yangi texnologiyalarga munosabatini bildirib ongli ravishda yo inon-ixtiyorsiz yangi voqealiklarga mos keluvchi yangi qonunlarni joriy etishga majbur bo‘lishmoqda. 

Bu jabhada Yaponiya birinchilardan bo‘ldi. Mamlakat hukumati kriptovalyutalar salohiyatiga yetarlicha baho berib, fuqarolarni himoya qiluvchi va raqamli valyuta bilan erkin savdo qilishga yordam beruvchi qonunchilik hujjatlarini qabul qildi.

Lekin barcha mamlakat ham bu sohada ilg‘or emas. Qo‘rquvdanmi, no‘noqlikdanmi yoki proteksionizm sabablimi, ko‘plab hukumatlar o‘rganib ham o‘tirmasdan, o‘zlari tahdid keltiradi, deb hisoblaydigan yangiliklarga taqiq joriy qilishadi. Garchi ular blokcheynni to‘liq taqiqlay olishmasa-da, ularning fuqarolarga bu texnologiyalardan foydalanishga xalaqit berishayotgani qolayapti, xolos.

Alkogol va internetga taqiq joriy etish singari bitkoinlarga ham joriy etilgan taqiqlar ham bajarib bo‘lmas va bema'ni ko‘rinadi. Lekin beshta mamlakat kriptovalyutaga chindan ham taqiq joriy etishgan — bular Bangladesh, Boliviya, Ekvador, Qirg‘iziston va Nepaldir, deb yozadi Insider.Pro.

Foto: Reuters

Nepal 

Nepaldan boshlasak. Yaqinda mamlakatning moliyaviy tartibga soluvchi organi Nepal Rastra Bank iqtisodiyotga tahdidni ro‘kach qilib, kriptovalyutalar bilan har qanday operatsiyalarni taqiqladi. O‘z qarorini hukumat Nepal hududida kriptobirjalarni boshqarishda gumonlangan o‘nlab odamlarni hibsga olish bilan mustahkamladi. 

Boliviya

Boliviya markaziy banki (El Banco Central de Bolivia) 2014 yilda yuz bergan yirik mojarodan so‘ng mamlakat hududida har qanday kriptovalyuta oldi-sotdisini taqiqlagan edi. Bir guruh firibgarlar kriptovalyutaning afzalliklari haqida aholiga cho‘pchak aytib berib, 60 kundan so‘ng 300 foizlik daromad ko‘rishni va'da qilib, pul yig‘ib chiqishgan. Piramida tez fursatda fosh bo‘ldi — El-Alto shahri ko‘chalariga minglab aldangan insonlar noroziliklarini bildirish uchun chiqishdi. Hukumat tezda «yechim» topdi — mamlakat hududida bitkoinlar to‘liq taqiqlandi.

Foto: Reuters

Ekvador

Qo‘shni Ekvador ham bitkoinlar qonundan tashqarida, deb e'lon qilgan — lekin hukumat kriptovalyutalar g‘oyasiga qarshi bo‘lgani uchungina emas. Gap shundaki, ular bitkoin kursini to‘liq nazoratlari ostiga olib, uni mahalliy rasmiy valyuta bo‘lmish AQSh dollarga bog‘lab qo‘yishmoqchi bo‘lishgan. Bu g‘oya amalga oshmagach, Ekvador keyingi choralarga qo‘l uradi va milliy kriptovalyutani joriy etadi. Albatta, bunisi endi hukumatning to‘liq nazorati ostida.

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonda bitkoin formal jihatdan taqiqlanmagan, garchi u (va boshqa kriptovalyutalar) dan to‘lov vositasi sifatida foydalanish mumkin emas. Bu haqida 2014 yilda Markaziy bank bayonot bergan va mamlakatda yagona to‘lov vositasi qirg‘iz so‘mi ekanligini ta'kidlab o‘tgan.

Bangladesh 

Nihoyat, Bangladesh. 2014 yilda Bangladesh banki bitkiondan foydalanishni taqiqlab, jinoiy javobgarlik joriy etilayotgani haqida ogohlantiradi. Kriptovalyutalar bilan bog‘liq har qanday operatsiya uchun bu yerda 12 yilga ozodlikdan mahrum etishlari mumkin — amaldagi qonunchilikka ko‘ra bu ish pul yuvish jinoyati bilan tenglashtirilgan.
 

Top