01:06 / 18.11.2017
13458

“Matiz”ni nasiya qildi

Foto: Fotolia

Har bir narsaning qonuniy asosi, huquqiy kafolati bor – ba'zan ana shuni hisobga olmay pand yeymiz, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

“Navoiy invest Baho” MChJda baholovchi mutaxassis bo‘lib ishlab kelgan Shokir Najmiddinov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) birovning ishonchiga kirib, uning halol pulini o‘ziniki qilib olmoqchi bo‘ldi.

Sh.Najmiddinov o‘tgan yilning dekabr oylarida kim oshdi savdolariga qo‘yilayotgan “Matiz” rusumli avtomashina haqida eshitib qoladi. Uning taxminiy narxini ham surishtiradi. Mazkur avtomobilning bahosi 6-7 million so‘m atrofida belgilangan ekan. Karmana tumanidagi o‘rtog‘i Rustam Oqilovga qo‘ng‘iroq qilib, “mashina kerakmi” degan taklifni o‘rtaga tashlaydi. Rustam esa mashina xarid qilish istagi yo‘qligi, biroq bir tanishi olishi mumkinligini aytadi. Shu tariqa ikkovlon tumandagi “Ayronchi” mahallasidagi xonadonlardan biriga kirib borishadi. MChJ vakili uy egalari bo‘lgan er-xotin Anvar va Saida Nurmatovlarga o‘zini tanishtirgach, kim oshi savdosiga qo‘yilayotgan mashinaning narxi, texnik holati xususida batafsil ma'lumot beradi va uni arzon narxda sotib olish imkoniyati borligini bod-bod takrorlab, mezbonlarning ishonchiga kiradi.

Xullas, ushbu oilaning 2 mln. 200 ming, oradan 10-15 kun o‘tib esa yana 3 mln. 300 ming so‘m pulini qo‘lga kiritadi. Pulni olguncha “Ayronchi”ga qatnagan Sh.Najmiddinov ishi bitgach, qorasini o‘chiradi. Shu tariqa u to‘rt oy davomida pana-pastqamda yurib, avvaliga turli bahonalar bilan ayronchilik er-xotinni aldab yuradi. Keyinchalik ularning qo‘ng‘iroqlariga ham javob bermay qo‘yadi. Shundan so‘ng jabrlanuvchilar ushbu holat haqida kerakli joyga ariza bilan murojaat qiladilar. Shokir shu yilning mart oyida olgan pullarining bir qismini qaytarib berayotgan vaqtida SVOJJDLQK departamentining Karmana tuman bo‘limi xodimlari tomonidan ushlandi.

Sud Sh.Najmiddinovga nisbatan tegishli jazo tayinladi.  

Top