07:40 / 19.11.2017
15151

Argentinaga tegishli suv osti kemasining topilishiga umid paydo bo‘ldi

San Juan suv osti kemasi / Foto: Argentina Navy / AP

Argentina mudofaa vazirligi Atlantika okeanida g‘oyib bo‘lgan “San Xuan” suv osti kemasining ekipajiga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda signallar olinganini ma'lum qildi. Bu haqda vazirlikning rasmiy saytidagi xabarda aytilgan.   

Hammasi bo‘lib Argentina harbiy-dengiz kuchlarining turli bazalariga sun'iy yo‘ldoshdan 4 soniyadan 36 soniyagacha davom etgan bir nechta chaqiriqlar kelib tushgan.

“Chaqiriqlar 4 soniyadan 36 soniyagacha davom etgan va soat 10:52 dan 15:42gacha oraliqda olingan. Biroq o‘zaro aloqa o‘rnatilmagan”, deb aytilmoqda xabarda. Ma'lum qilinishicha, hammasi bo‘lib 7 ta chaqiriq olingan.

Argentina harbiy-dengiz kuchlariga tegishli San Juan suv osti kemasi 15 noyabrda aloqaga chiqmay qo‘ygan. Suv osti kemasi 16 noyabrdan qidirila boshlangan. Suv osti kemasi ekipaji 44 kishidan iborat bo‘lgan. Kema Argentinaning janubidagi Ushuaya portidan mamlakatning markaziy qismidagi Mar-del-Plata portiga yo‘nalayotgan bo‘lgan. Suv osti kemasi oxirgi marta Argentinaning sohillaridan 432 km uzoqlikda qayd qilingan.

Argentinalik harbiylar xabarida aytilishicha, hukumat AQShning sun'iy yo‘ldoshlarga ixtisoslashgan kompaniyasi bilan kemaning joylashgan o‘rnini aniqlash bo‘yicha ish olib bormoqda. Suv osti kemasini izlashda Argentina, Chili, Braziliya, AQSh va Buyuk Britaniyaning qutqaruv otryadlari ishtirok etmoqda. Shuningdek, qidiruv ishlariga NASA samolyoti ko‘mak bermoqda.

Mavzuga oid
Top