17:00 / 19.11.2017
23626

Kunni to‘g‘ri boshlash va tugatishga oid tavsiyalar

Foto: Flickr

Har kuni kechqurun 15 daqiqa va ertalab 10 daqiqani  o‘zingizga bir necha savol berish uchun ajrating. ThriveGlobal kunni to‘g‘ri tashkil qilishga doir tavsiyalari bilan bo‘lishdi.

Kunning boshlanishi

1. Kechagi kundan beri qandaydir muhim voqea ro‘y berdimi?

Ba'zi voqea yo hodisalar kundalik rejalaringizni qayta ko‘rib chiqishga majbur qiladi. Masalan, o‘zingizni yomon his qilsangiz yoki yaqinlaringiz betob bo‘lib qolishsa, grafikni qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi.

Faqat darhol pochtani tekshirishga kirishmang. O‘ylab ko‘ring, qandaydir bir xat haqiqatda kuningizga katta  ta'sir ko‘rsatishi mumkinmi? Bevosita ish bilan bog‘liq xabarlarnigina ko‘zdan kechiring. Butun pochtani saralashga vaqt ketkazmay, faqat ertalabga rejalashtirilgan xabarlarni ko‘rib chiqing.

2. Nima qilish kerak?

Kechqurun ertasi kuni qilishingiz kerak bo‘lgan ishlar ro‘yxatini ko‘zdan kechiring. Zarurat tug‘ilgan taqdirda, uni to‘ldiring yoki qisqartiring.

3. Hozirning o‘zida nimadan boshlash kerak?

Bir vazifani tanlab, butun diqqatingizni shunga qarating. Uch vazifani haminqadar bajargandan ko‘ra bir vazifani yaxshilab bajaring.

Kun oxiri

1. Kun davomida nimaga erishdingiz?

Nima qilganingiz va nimaga erishganingizni yodga oling. Hayot — kichik qadamlar ketma-ketligi, agar kichik g‘alabalardan quvonmasangiz, kattalari tomon qadam tashlash qiyinroq bo‘ladi.

2. Hozirning o‘zida nimadir qilish kerak emasmi?

Ba'zan nimanidir bajarishni unutganlik tuyg‘usi ishni bir chetga surib, dam olishga xalaqit beradi. Yoddan chiqarilgan ishni aniqlash uchun kiruvchi pochtangiz va ishlar ro‘yxatini tekshiring. Keyin uni ertangiga qoldirsangiz, nima bo‘lishi haqida o‘ylab ko‘ring.

3. Bugun ulgurmagan ishingizni qachon qilish kerak?

Kun davomida yaqin kelajakda bajarish kerak bo‘lgan ko‘p ishlar paydo bo‘lishi mumkin, biroq bu ularga hozirning o‘zidayoq kirishish kerakligini bildirmaydi. Ularni ertangiga yoki boshqa aniq bir muddatga rejalashtiring, bugun esa ular haqida o‘ylamaslikka harakat qiling.

Agar bugun boshlagan ishingizni tugata olmagan bo‘lsangiz, qayerda to‘xtaganingizni va keyingi qadam qanday bo‘lishi kerakligini belgilab qo‘ying. Shunda ertasiga ishni davom ettirishingiz oson bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top