01:39 / 19.11.2017
15972

Toshkent viloyatida sodir etilgan jinoyatlar xronikasi: mushtumzo‘rlar, giyohvand, firibgar va chegara buzuvchi ushlandi

Foto: Fotolia

Angren shahrida 8 noyabr kuni soat 21:20 larda, shu shaharda yashovchi M.A. mast holda uyi oldida o‘zaro janjallashib tanishi va hamshahri A.N.ni ko‘krak qafasi orqa tomoniga osh pichog‘i bilan bir marotaba urib, unga tan jarohati yetkazgan. Natijada jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan. A.N.ga yetkazilgan jarohat hayoti uchun xavfli, «og‘ir» ekanligi aniqlanib, ushbu holat yuzasidan unga nisbatan JKning 104-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergovni IIB olib bormoqda.

Chinoz tumanida 15 noyabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1986 yilda tug‘ilgan U.M.ning uyi gumonlanib tekshirilganda garajidan 31,8 g «marixuana» giyohvand moddasi olindi. Ushbu holat yuzasidan unga nisbatan JKning 276-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov ishlari olib borilmoqda.

Bo‘stonliq tumanidagi «Bo‘stonliqtumangaz» filialida 2016 yilning 22 yanvar kunidan 2017 yilning 10 oktabr kuniga qadar ishlagan R.Yo. firibgarlik yo‘li bilan, shu tumanida yashovchi yakka tartibdagi tadbirkor, A.K.ning ishonchini suiiste'mol qilib, «tabiiy gazdan foydalanishingiz uchun loyiha hujjatlarini tayyorlab beraman», deb aldab, undan bir million ikki yuz ming so‘m pulni olib, shu kunga qadar qaytarib bermagan. Ushbu holat yuzasidan unga nisbatan JKning 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan J.A. 15 noyabr kuni soat 07:00 larda Chinoz tumani Eshonobod qishloq fuqarolar yig‘ini aholi yashash punkti aylanma yo‘llari orqali Qozog‘iston Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ushlangan. Ushbu holat yuzasidan unga nisbatan JK 223-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va IIB tomonidan tergov ishlari olib borilmoqda.

16 noyabr kuni soat 08:00 larda, Bo‘stonliq tumanida  yashovchi, Chirchiq shahar «Texnika kasb-hunar kolleji» talabasi, 2001 yilda tug‘ilgan M.A. Chirchiq shahrida o‘zaro janjallashib, tanishi — shu kollejning 1-bosqich talabasi, 2001 yilda tug‘ilgan Sh.S.ni qo‘li bilan urib, shikast yetkazgan. Toshkent viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiy markazining birlamchi tibbiy ma'lumotnomasiga ko‘ra, Sh.S.ga yetkazilgan tan jarohatlari «sog‘liqni qisqi muddatga buzilishiga olib kelgan yengil tan jarohati» ekanligi aniqlandi. Ushbu holat yuzasidan JKning 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov jarayoni ketmoqda.

Top