09:40 / 21.11.2017
43761

«Qur'oni Karim ma'nolari tarjimasi»ning yangi nashri taqdim qilindi

Foto: info.islom.uz

20 noyabr kuni «Hilol-nashr» markaziy savdo majmuasida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamiga mansub «Qur'oni Karim ma'nolari tarjimasi» kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda info.islom.uz sayti xabar bergan

Qur'oni Karim tilovatidan so‘ng bosh muharrir Erkin Malik taqdimot marosimini ochib berib, yangi nashrni taqdim qilish uchun so‘zni noshir Ismoil Muhammad Sodiqqa bergan. 

«O‘zining oxirgi va abadiy Kitobi bo‘lmish Qur'oni Karimni butun olamlarni hidoyat qilish uchun nozil qilgan Aliymu Xobiyr Alloh taologa O‘zining jaloliga munosib hamdu sanolar bo‘lsin.

O‘zlariga Alloh taolo tomonidan nozil etilgan, ikki dunyo saodatini ta'min etuvchi Qur'oni Karimni ummatlarga omonat ila yetkazgan, unga qanday amal qilishni ko‘rsatib bergan, Sodiqu Masduq Nabiyimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga mukammal va muattar salavotu durudlar bo‘lsin.

O‘zlarining mahbub Nabiylaridan Qur'oni Karimni biror harfini o‘zgartirmay, o‘ta aniqlik ila qabul qilib olib, unga xuddi shunday aniqlik va misli ko‘rilmagan ixlos bilan amal qilish ila yer yuzida ikki oyoqlarida yuradigan jonli Qur'onlarga aylangan sahobai kiromlarga Alloh taoloning rizvonlari bo‘lsin.
Qur'oni Karimga O‘zining muqaddas kitobi sifatida iymon keltirgan, uni o‘rgatgan, o‘rgangan va unga amal qilgan har bir musulmonga Alloh taoloning rahmati, xayru barakasi bo‘lsin.

Muhtaram ahli Islom, ahli iymon, ahli Qur'on birodarlar! Ustozimiz, padari buzrukvorimiz, fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari «Qur'oni Karim ma'nolarining o‘zbekcha tarjimasi» asarini ana shunday komil va shomil hamdu sano va salavotlar bilan boshlagan edilar. Bugun ushbu kitobning qayta nashrini xalqimizga taqdim qilar ekanmiz, ushbu quvonchli tadbirimizga xush kelibsiz, Alloh taolo qadamlaringizga hasanotlar yozsin!

Shayx hazratlarining shoh asari bo‘lmish «Tafsir Hilol» salkam yuz ellik yillik tanaffusdan so‘ng qadim Movarounnahr diyoridagi tafsir ilmining qayta tiklanish davrini boshlab berdi. Ustozimizning Qur'on, hadis, aqoid, fiqh va boshqa ko‘plab ilmlarga oid asarlari xalqimizning diniy savodini oshirishda muhim o‘rin tutdi. Shu kitoblar tufayli odamlarda Islom haqida, dinu diyonat haqida, Qur'on haqida, uning ahkomlari haqida to‘g‘ri tushuncha hosil bo‘ldi. «Tafsiri Hilol» xalq orasida keng tarqalgan sari uni o‘qiganlarning qalbi Qur'onga oshno bo‘lib bordi, Qur'onni o‘qishga, uni tadabbur qilishga, uni xatm qilishga ishtiyoq ortib bordi. Buning uchun esa olti jildlik katta kitobdan ko‘ra, ixcham, bir jildlik kitob zarurligi sezila boshladi. Shuning uchun Qur'oni Karim oyatlarining o‘zini «Tafsiri Hilol»dagi ma'no tarjimasi bilan birga bir jildlik kitob qilib chiqarishga qaror qilindi», degan Ismoil Muhammad Sodiq..

Shu o‘rinda kitobning muqaddimasida keltirilgan, Qur'oni Karimning ma'nolar tarjimasiga qo‘yilgan ba'zi shartlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak.
• Tarjimani «Qur'on tarjimasi» emas, balki «Qur'oni Karim ma'nolari tarjimasi» deb atash va tushunish lozim. Chunki Qur'oni Karimni ayni o‘zidek tarjima qilishning mutlaqo iloji yo‘q. Nafaqat tarjima, balki arab tilida ham Qur'oni Karimning to‘liq matni u yoqda tursin, biror oyatiga o‘xshash matnni keltirishning imkoni yo‘q.
• Ma'nolar tarjimasidan faqat Qur'oni Karim ma'nolarini tushunishda yordamchi omil sifatida foydalanish mumkin. Ma'nolar tarjimasini namozda qiroat qilish, ulardan hukm chiqarishga harakat qilish, tarjima yuzasidan ixtiloflar qilish mutlaqo mumkin emas.
• Qur'oni Karim ma'nolari tarjimasi chop qilinganda albatta oyatlarning arabcha asl matnini ham berish shart. Birinchidan, bunda asl matnning qudsiyati balqib turadi. Qolaversa, tarjimaning aniqligini tekshirish imkoni bo‘ladi.

Shayx hazratlari ushbu kitobni chop etishda aynan mana shu shartlarga to‘liq rioya qilganlar. Oyati karimalar nusxasi Madina mushafidan olingan. Ma'nolar tarjimasi «Tafsiri Hilol»dan olingan. 

«Endi «Qur'oni Karim ma'nolari tarjimasi» kitobini qanday o‘qish kerak, undan qanday maqsadlarda foydalanish kerakligi haqida so‘zlasak. 

Avvalo, har bir musulmon Qur'oni Karimni doim tilovat qilib turishi kerak. Tilovatning muhim shartlaridan biri esa oyatlarning ma'nosini tadabbur qilishdir. Shuning uchun Qur'on matnining yoniga ma'nolar berilgan. Tilovat qilayotgan, xatm qilayotgan odam kerak bo‘lganda hoshiyaning chetiga qarab, oyatning ma'noni anglab olaveradi. Bu arab tilini bilmaydiganlarga katta yordam bo‘ladi. Ba'zi qorilar ham, ayniqsa yosh qorilarimiz o‘zlari o‘qiyotgan oyatlarning ma'nosini bilmasligi mumkin. Shuning uchun asl qur'oniy matn hoshiyasiga har bir oyatning ma'no tarjimasi berib chiqilgan.

Diniy adabiyotlarda, ma'ruza va suhbatlarda oyati karimalardan iqtibos keltirish. Bunday paytlarda katta hajmdagi tafsirdan ko‘ra raqamlangan, arabcha asl matn yoniga qo‘yilgan ma'nolar tarjimasi juda qo‘l keladi.

Endi «Qur'oni Karim ma'nolari tarjimasi» kitobining ushbu yangi nashri haqida qisqacha ma'lumot berib o‘taman.

Avvalo, ustozimiz shayx hazratlari so‘nggi yillar davomida xalqimizning diniy savodxonligi, ilmiy saviyasi kutilganidan ham ziyoda yuksalganini hisobga olib, nozikta'b, talabchan o‘quvchilarimizning fikr-mulohazalari, talab va istaklarini inobatga olib, «Tafsir Hilol»ning matnini to‘liq qayta tahrir qilib chiqqanlarini aytib o‘tish kerak. O‘zlariga ham, boshqalarga ham o‘ta talabchan bo‘lganlari bois, ustozimiz bu ulkan ilmiy asarni diqqat bilan qayta ko‘rib chiqdilar, muharrirlar, musahhihlarning takliflarini o‘rganib chiqdilar, kitobni o‘qib, undagi ba'zi xato-kamchiliklarni bizga taqdim qilgan azizlarimizning murojaatlarini to‘plab, asarni qayta nashrga tayyorladilar. Afsuski, «Tafsiri Hilol»ning qayta tahriri nihoyasiga yetkazib, uni xalqqa taqdim qilish ustozimizga nasib qilmadi. Ammo bu xayrli ish nashriyotimiz ilmiy jamoasi, tarjimon, muharrir va musahhihlarimiz tomonidan nihoyasiga yetkazildi. «Ish bor joyda sahvu xatolar ham bo‘ladi» deganlaridek, ayniqsa bu kabi katta hajmli, keng ko‘lamli asarlar ustida ishlaganda beixtiyor yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar uchrashi tabiiy. Shuning uchun avvalgi nashrlarda uchragan ayrim juz'iy, imloviy va texnik kamchiliklar ushbu nashrda baholiqudrat bartaraf qilindi.

Ustozimiz kitobning muqaddimasida shunday degan ekanlar: «Siz azizlarga taqdim qilinayotgan ushbu nusxa besh-olti marta qayta-qayta ko‘rib chiqildi. Bu omil ojizona xizmatimizning xatolari biroz ozayishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas, degan umiddamiz». 

Fursatdan foydalanib, bugungi taqdimot munosabati bilan fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining barcha asarlarini, xususan, «Tafsiri Hilol» asarlarini diqqat bilan o‘qib, ularda uchragan sahvu xatolarni aniqlab, to‘plab, keyingi nashrlarning sifatli chiqishiga hissa qo‘shish niyatida bizga taqdim qilgan va qilayotgan barcha azizlarimizga samimiy minnatdorchilik bildiramiz. Ustozimiz bu kabi kamchilik va nuqsonlarni bizga taqdim qilganlardan ko‘p minnatdor bo‘lar edilar, keyingi nashrlarning yanada mukammalroq bo‘lishiga hissa qo‘shganlari uchun ularning haqqiga duo qilar edilar. Inshaalloh, bu xolis xizmatda bardavom bo‘lgan barcha azizlarimiz ustozimizning ana shu duolari taalluqiga doxil bo‘ladilar.

Barchamizga ma'lumki, ustozimiz noshirlikni san'at darajasiga ko‘tarishga intilardilar. Har bir kitobning muqovasi bir san'at asari bo‘lsin, der edilar, qog‘ozining sifatigacha, sahifaning ko‘rinishigacha e'tibor qilar edilar. Shu maqsadda doimo matbaachilik sohasidagi yangiliklarni kuzatib borar, jahon miqyosidagi yangiliklarni o‘rganib, o‘zlashtirishga targ‘ib qilar edilar. Ana shu sa'y-harakatlarining samarasi o‘laroq, so‘nggi bir necha yil ichida bosmaxonamizning moddiy-texnik bazasi tubdan yangilandi, yangi dastgohlar, jihozlar o‘rnatildi, muqovalash va chop qilish borasidagi yangi texnologiyalar o‘zlashtirildi. Bu yangiliklarning barchasi avvalo eng mo‘'tabar kitob – Qur'oni Karim ma'nolari tarjimasining yangi nashrida qo‘llanildi.

Kitobning yangi nashri badiiy jihatdan ham yangi pog‘onaga ko‘tarildi. Uning uchun yangi bichimdagi kattaroq o‘lcham tanlandi, eng sifatli qog‘oz ishlatildi, Madina mushafining maxsus matnidan foydalanildi, kitobga muhtasham, naqshinkor yangi muqova tayyorlandi, sahifalar ham bejirim naqshlar bilan bezaldi. 

Azizlar, ushbu qayta nashr ustida ko‘p kishilik ijodiy jamoa ishladi. Musavvirlar, dizaynerlar, texnik mutaxassislar, sahifalovchilar kitobning yangi muqovasi, har bir sahifasi, Qur'onning har bir oyati, har bir raqami, har bir kalimasi, har bir harfini ixlos bilan, savob umidida qayta sahifalab, qayta nashrga tayyorlashdi. Muharrirlarimiz, musahhihlarimiz, qorilarimiz har bir oyatning, har bir ma'no tarjimasining aslga to‘g‘ri bo‘lishi, mukammal bo‘lishiga harakat qilishdi. Bosmaxona jamoasi ushbu kitobning yuqori sifatda bosilishida alohida jonbozlik ko‘rsatishdi. 

Ularning barchasidan Alloh taolo rozi bo‘lsin, Robbimizning muqaddas kalomini, Qur'oni Karimning purhikmat ma'nolarini yetkazishdek ulug‘ ishga qo‘shgan hissalari uchun O‘zi va'da qilganidek, har bir harfi uchun ajru savoblarini ko‘paytirib bersin, o‘zlari o‘ylaganidan ham ziyoda savobu samarotlar nasib aylasin. Barchalarining ahli oilalaridan, avlodu zurriyotlaridan hofizi Qur'onlar, homili Qur'onlar, murattab qorilar, olimu ulamolar, ahli ilmlar yetishib chiqishini nasib qilsin.

Azizlar, ustozimiz aytganlaridek, katta mehnat bilan bino bo‘lgan bu asarni taqdim qilar ekanmiz, mukammallik da'vo qilishdan mutlaqo yiroqmiz. Qur'oni Karim huzurida ojizligimizni yana bir bor ta'kidlab aytamiz. Muhtaram o‘quvchilarimizdan ushbu kamtarona mehnatimizda bir ezgulik va muvaffaqiyat ko‘rsangiz, Alloh taoloning tavfiqi deb, barcha nuqson va kamchiliklarni kamina xodimingizdan deb bilishingizni o‘tinib so‘raymiz. 

Ushbu ish avvalo Alloh taoloning madadi bilan amalga oshganini yana bir bor ta'kidlagan holda, U Zotga hamdu sanolar aytgan holda, bu ishga hissasi qo‘shilgan barcha-barchaga cheksiz minnatdorchilik bildiramiz. Barcha o‘quvchilarimizdan ul azizlarning haqlariga ham g‘oyibona duo qilishlarini umid qilamiz.

Azizlar! Ushbu kitobning yangi nashri barchamizga muborak bo‘lsin!

Alloh taolo O‘zining muborak kalomini ona tilimizga tarjima qilgan, tafsir qilgan, ko‘zining nurini, aziz umrini fido qilib, dindoshlariga, yurtdoshlariga taqdim qilgan muhtaram ustozimiz, qiblagohimiz, xalqimizning sevimli farzandi, ulug‘ alloma shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlaridan bu buyuk ibodatni husni qabul aylab, unib-o‘stirgan, ta'lim-tarbiya bergan ota-onalariga va barcha ustozlariga izzat tojini kiydirsin, ajru savoblaridan bahramand qilsin, jannati Firdavslarni nasib etsin! 

Allohim! Ushbu kamtarona amalimizni O‘z dargohingda qabul etgin. Hammamizni hidoyatda sobitqadam qilgin.
Va oxirgi duomiz: olamlarning Robbi Allohga hamd bo‘lsin!», degan noshir.

Shundan so‘ng Erkin Malik kitobxonlarni yangi nashr bilan tabriklash uchun adib Ahmad Muhammad Tursunga so‘z bergan.

Ahmad Muhammad Tursun «Qur'oni Karim va uning o‘zbek tilidagi ma'nolar tarjimasi» deb nomlangan bu kitobning ahamiyati, fazilatlari haqida so‘zlab, yangi nashrga hissa qo‘shgan barcha azizlarimizning haqqiga duo qildilar, barcha kitobxonlarni Qur'onga oshno bo‘lishga, uni o‘z hayotiga dasturilamal qilishga chaqirib, so‘zlariga yakun yasadigan.

«Alloh taolo ushbu kitobni xalqimizga muborakbod aylasin, barchamizni O‘zining kalomiga oshno qilib, ikki dunyo saodatiga erishishimizga vosita etsin!», deyiladi xabarda.

Top