19:00 / 21.11.2017
15180

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Facebook’da onlayn darslarni tashkil etmoqda

Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Axborot texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan tezkor zamonda barcha sohalarda bo‘lgani kabi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida ham axborot uzatish va uning imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar olib borilmoqda. Yaqin bir yil ichida Telegram ilovasida tezkor savol-javoblar kanali ochildi. Bundan tashqari, savol-javoblar uchun maxsus sayt ishga tushirildi. Qur'oni Karim, ming bir hadis, O‘zbekistonning yetuk imom-xatiblarining ma'ruzalari va salovotlar joy olgan hamda yagona Tas-Ix tarmog‘iga joylashtirilgan sayt ham mo‘min-musulmonlarga xizmat qilmoqda: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

@SavollarMuslimUzBot

www.savollar.muslim.uz

www.mp3muslim.uz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmatining xabar berishicha, Diniy idora tomonidan haftaning har dushanba, seshanba, chorshanba va payshanba kunlari o‘zbekistonliklarning diniy ilm olish ehtiyojlarini sof islom ma'rifati asosida qondirish, ularning ishonchli manbalardan ma'lumotlar olishlarini ta'minlash maqsadida Tafsir, Aqida, Fiqh, Hadisshunoslik, Tajvid, Islom tarixi va Siyrat hamda Arab tili fanlaridan tashkil etilgan onlayn darslar ko‘pchilikka manzur bo‘lmoqda. Bu darslar Idoraning Youtube saytidagi sahifasiga joylanmoqda.

Darslar O‘zbekistonning taniqli ulamolari, Toshkent Islom institutining malakali o‘qituvchilari tomonidan olib borilmoqda.

Ushbu onlayn darslar, shuningdek, Idoraning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatilmoqda. Darslar soat 14:00 va 15:30 da bo‘lib o‘tmoqda.

Mavzuga oid
Top