10:56 / 22.11.2017
5600

Kreml​ Google​'ga qarshi da'vo arizasini tayyorlamoqchi

Foto: Reuters

Rasmiy Kreml Alphabet korporatsiyasiga tegishli Google platformasiga qarshi da'vo arizasini tayyorlashini bildirmoqda. Gap shundaki, Rossiya hukumati ko‘magida moliyalashtiriladigan Sputnik, Russia Today RT kabi media tarqatgan xabarlar Google qidiruvida quyi reytingda ko‘rsatilmoqda.

«Roskomnadzor» media nazorati boshqarmasi boshlig‘i Aleksandr Jarovning aytishicha, tashkilot Google rahbariyatiga seshanba kuni xat yo‘llab, vaziyatga oydinlik kiritishini so‘ragan. Ma'lum qilinishicha, Alphabet​ ijrochi direktori Erik Shmit bundan avval «rus media veb saytlari endi qidiruv xizmatida quyi reytingda kelib chiqishi»ni bildirgan.

Interfaks nashrining yozishicha, Jarov «Alphabet​ rahbariyati so‘rovni o‘rganib chiqib, asoslangan javob» berishidan umidvor.

AQSh razvedka boshqarmalarining hisobotida aytilishicha, 2016 yil AQShda o‘tgan prezidentlik saylov kampaniyasi davrida, Rossiya hukumati ko‘magida yaratilgan RT va Sputnik nomzod Hillari Klinton haqida turli xabarlarni tarqatishni ko‘paytirgan. Xususan, bu ikki media kompaniyasi ishonchsiz xabarlarni yoritishda jonbozlik ko‘rsatgan.

Eslatib o‘tamiz, Google rahbariyat joriy yilning aprel oyida shubhali xabar, yangilik va ma'lumotlarni qidiruv xizmatidan olib tashlashini yoki quyi reytingda taqdim etishini bildirgandi.

Top