21:20 / 22.11.2017
261720

Shuhrat Nuraliyev vafot etdi

Foto: Instagram/ShuhratNur

Bugun, 22 noyabr kuni soat 21:00 atrofida taniqli kino va teatr aktyori Shuhrat Nuraliyev 37 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu ma'lumotni KUN.UZ’ga Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Madaniyat vazirligidagi manbalar tasdiqladi.

Aktyor Endokrinologiya institutiga yotqizilgach, ma'lum vaqt komada bo‘ldi. Lekin u o‘ziga kelmay jon berdi.

Bundan avvalroq KUN.UZ nashrining aktyor vafoti haqida o‘z manbalariga asoslanib tarqatgan xabari marhumning yaqinlari tomonidan rad etilgan, bu holat boshqa nashrlarning istehzoli munosabatlarini keltirib chiqargandi. 

Shuhrat Nuraliyev 1980 yil 5 noyabr kuni tavallud topgan. Mannon Uyg‘ur nomidagi Toshkent davlat san'at institutini tamomlagan.

Marhum ijodkor xalqimizga O‘zbek Milliy akademik drama teatridagi rollari bilan tanilgan. Shuningdek, Nuraliyev «Osmondagi bolalar», «Devona», «Ulfatlar-2», «Yangi boy», «Sevginator-2», «Zarb» kartinalaridagi takrorlanmas obrazlari bilan tomoshabinlar mehrini qozongan edi. Bundan tashqari, Nuraliyev 5 ta filmni rejissyor sifatida suratga olgandi. 

Marhum so‘nggi paytlarda «Jassar teatr shou» xususiy teatrida bosh rejissyor sifatida ishlab kelayotgandi. 

Shuningdek, Shuhrat Nuraliyev O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning jamoasida badiiy rahbar sifatida ham faoliyat yuritib kelgan. 

KUN.UZ tahririyati marhumning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etadi.

Mavzuga oid
Top