17:29 / 23.11.2017
109002

Eng yuqori maosh beruvchi mamlakatlar Top-10 ligi

Hayotda hamma yaxshi yashashga intiladi. Mehnatga yarasha ko‘p maosh olish ko‘pchilikning orzusi. Biroq ba'zi davlatlarda ayni ko‘rinishdagi mehnat turlicha baholanadi. Quyida oilasiz va qaramog‘ida biror kishi bo‘lmagan ishchi dunyoning qaysi davlatlarida yuqori maosh olishi bo‘yicha Top-10 mamlakat ro‘yxati keltirilgan. Albatta, raqamlar soliq hamda boshqa o‘tkazmalar ayirib tashlanganidan so‘nggi qiymatni aks ettiradi. Demak, 2016 yilda eng yuqori maosh to‘lagan mamlakatlar o‘nligi bilan tanishing.

Foto: Getty Images

AQSh – 41,355 

Amerika mahsulotlarni import-eksport qilishda dunyoda birinchi va ikkinchi o‘rinda turadi. Shunga muvofiq, soliq ham o‘ziga yarasha - 31.6 foizni tashkil etadi. Shu bilan birga, amerikaliklar ro‘yxatga kiritilgan aksar mamlakatlardan farqli ravishda sog‘liq sug‘urtasiga ega bo‘lishmaydi. Soliqlar (keyingi o‘rinlarda ham) ayirib tashlanganidan so‘ng, yillik eng kam daromad 41,355 dollarni tashkil etadi.

Lyuksemburg – 38,951

Lyuksemburg kimyo sanoati, rezina, sanoat mashinasozligi, po‘lat va moliyaviy xizmatlar eksporti bo‘yicha yuqori o‘rinlarni egallaydi. 37.7 foizlik soliqlar to‘langanidan keyin knyazlik fuqarolari 38,951 dollarga ega bo‘lishadi. Bunda ular soliq hisobidan umumiy sog‘liq sug‘urtasi va bepul ta'limga ega bo‘lishadi.
 
Norvegiya – 33,492

Norvegiyada neft, minerallar, baliqchilik va suv energetikasidan xavotir olishga o‘rin yo‘q. Umumiy salomatlik sug‘urtasi va oliy ta'lim Norvegiyaning barcha fuqarolariga bir xil joriy qilinadi. Bu maqsadlarga 37 foizlik soliqdan tushadigan daromadlardan sarflanadi. Soliq miqdori sezilarli bo‘lganiga qaramay, norvegiyaliklar yiliga o‘rtacha 33,492 dollar oladi. 

Foto: Fotolia

Shveytsariya – 33,491

Yevropaning qoq markazida joylashgan mamlakat fuqarolar erkinligi, turmush darajasining yuqoriligi, hukumat shaffofligi va inson taraqqiyoti bilan haqli ravishda faxrlanadi. Shveytsariya farmatsevtika, musiqiy asboblar, maxsus kimyo sanoati va aniq o‘lchov uskunalarini ishlab chiqishda yetakchilardan biri. Mamlakat fuqarosi haftasiga o‘rtacha 35 soat ishlaydi. Biroq ular mehnat samaradorligi yuqoriligi sababli yillik 33,491 dollar daromad ko‘rishini ta'minlaydi.

Avstraliya – 31,588

Avstraliya iqtisodiy qudratga ega davlatlardan biridir. Mamlakat neft, minerallar va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qiladi. Avstraliyalik esa, daromadining 27.7 foizini soliq sifatida davlatga to‘laydi. Buning evaziga bepul tibbiy xizmat va ta'limdan bahra oladi. Haftasiga 36 soat ishlagan fuqaro yiliga 31,588 dollar maosh oladi.

Germaniya – 31, 252

Germaniya so‘zsiz Yevropaning faxri. U mintaqaning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan mamlakati. Mamlakat fuqarolari juda katta miqdorda soliq to‘laydi. Ular maoshining 49.8 foizi hukumat jamg‘armalariga o‘tadi. Biroq bu bekorga emas. Barcha darajadagi tibbiy yordam va ta'lim bepul. Bir kishi bir yilda o‘rtacha 31,252 dollar daromad ko‘radi. 

Foto: Fotolia

Avstriya – 31,173

Yevropaning yana bir mamlakati Avstriyada sayyohlik sanoati jiddiy rivojlangan. U milliy iqtisodiyotni takomillashtirishda muhim o‘rin tutadi. Ammo bu yerda ham soliq ancha yuqori - 49.4 foiz. Shunga qaramay, yillik o‘rtacha daromad 31,173 dollar atrofida. 

Kanada – 29,365

Yirik neft zaxiralari haqida gap ketganida Kanada Venesuela va Saudiya Arabistonidan keyingi o‘rinlarda turadi. Mamlakat, shuningdek, rux, oltin, alyuminiy va uran qazib olish bo‘yicha yetakchi o‘rinlarda. Kanadaliklar umumiy tibbiy sug‘urta va umumiy ta'lim uchun 31 foiz soliq to‘lashadi. Yillik daromad 29,365 dollarni tashkil etadi. 

Shvetsiya – 29,185

Skandinaviya qirolligi tashqi savdoda ancha jiddiy o‘yinchi hisoblanadi. Mamlakatning muhandislik sohasidagi rivoji ham iqtisodiy qudrat oshishiga hissa qo‘shmoqda. Ammo mamlakat daromad solig‘i yuqori mamlakatlar sirasiga kiradi - 42.4 foiz. Bu bilan umumiy tibbiy sug‘urta va ta'lim bepulligi ta'minlanadi. Shundan keyin ham ishchi tasarrufida 29,185 dollar qoladi. 

Foto: Getty Images

Fransiya – 28,799

Dunyoning eng rivojlangan yettinchi iqtisodiyoti fuqarosi yiliga 28,799 dollar daromad ko‘ra oladi. Fransiyaliklar ham amerikaliklar kabi mehnat samaradorligi yuqori halqlardan biridir. 

Mavzuga oid
Top