14:25 / 23.11.2017
31045

O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida qanday shartnomalar imzolandi?

O‘zbekiston Respublikasi prezident Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga rasmiy tashrifi chog‘ida ikki mamlakat vakillari o‘rtasida turli darajadagi shartnoma va memorandumlar imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Aktam Hayitov va Koreya Respublikasi Inson resurslarini boshqarish vaziri Kim Pan Su o‘rtasida vazirliklararo hamkorlik memorandumi imzolangan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Koreya Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari Li Kyu Ro ikki mamlakat Adliya vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik memorandumini imzoladi. Shuningdek, Abdulaziz Komilov va Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Kan Kyu Xva o‘rtasida vazirlikararo 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini imzolagan.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vaziri Elyor G‘aniyev va Koreya Respublikasi Savdo-sanoat va energetika vaziri Pek Myun Gyu o‘rtasida O‘zbekistonda milliy elektron savdo platformasini joriy qilish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitimi hamda O‘zbekistonning Butunjahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Bundan tashqari Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Strategiya va moliya vaziri Kim Don Yo Bilimlar almashinuvi dasturi bo‘yicha anglashuv memorandumini imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov va Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Strategiya va moliya vaziri Kim Don Yo ikki mamlakat o‘rtasida 2018-2020 yillarda iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg‘armasi kreditlari bo‘yicha kelishuvni, moliyaviy hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzolashdi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi prezidenti Mun Je In ikki davlat o‘rtasidagi strategik sherikchilik aloqalarini har tomonlama chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma bayonotni imzoladi.

 

Top