19:41 / 24.11.2017
16333

Ekologiya ofati bo‘lgan tselofan paketlar muammosini qanday hal qilish mumkin?

Bugun, 24 noyabr kuni Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasida Ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga doir masalalar muhokama qilingani haqida avval xabar berilgan edi. Unda KUN.UZ muxbiri spikerlarga murojaat qilib, bugungi kunda ekologiya buzilishi va atrof-muhit ifloslanishiga sabablaridan biri - tselofan paketlar muammosini hal etish yuzasidan qanday choralar ko‘rish mumkinligini so‘radi.

Foto: XPK

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Farhodjon Quvvatov tselofan paketlar muammosiga doir savolga javob berar ekan, aslida ushbu holat jiddiy global muammoga aylanib ulgurganini qayd etib, bular odamlarning borgan sari qulaylik ortidan quvishi oqibatida kelib chiqqanini ta'kidladi. 

Foto: XPK

“Bir vaqtlar, bu yerdagilar buni yaxshi bilishadi, kishilar bozor-o‘char qilish uchun matolardan tikilgan sumkalarni ko‘tarib yurishardi. Tselofan paketlar muammosini hal etish uchun esa, mening shaxsiy fikrimcha, ularni pullik qilish lozim. Hozirda ular tekinga beriladi. Bir mahsulot xarid qilinsa, yirtilib ketadi, yana bitta bering, deb tselofan paketchani so‘rab olamiz. Agar ular pulli qilinsa, xaridor ham yana bitta olishni o‘ylab ko‘rardi, balki”, - dedi deputat. 

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Oybek Adhamjonov ham bu masalaga o‘z fikrini bildirib o‘tdi. 

Foto: XPK

“Joylarda yurganimizda, maishiy chiqindilarning poligonlari bor. Biroq ularni ekspluatatsiya qilishda sanitariya norma va qoidalariga amal qilinmagan. 184 ta maishiy chiqindi poligoni bo‘lsa, hududlarda o‘rganishlar jarayonida har birini borib ko‘rganimda, ayniqsa, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda poligonlarga katta hududlar ajratilganiga qaramay, kuchli shamol tselofan paketlarni juda katta hududga tarqatib yuborganiga guvoh bo‘ldim. Ikkinchidan, bu paketchalarning chirish muddati ham 100 yilni tashkil etadi. Shu sababdan Oliy Majlis bilan hamkorlikda bu masalani hal etish bo‘yicha qonun loyihalari ishlab chiqilmoqda”, - dedi Adhamjonov. 

U bu narsaning yechimi sifatida xorij tajribasini o‘rganish va uni hayotga tatbiq etishni taklif etdi. 

“Masalan, rivojlangan davlatlarda tselofan paketchalar, bir martalik qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yo davlat fondiga utilizatsiya to‘lovini to‘laydi yoki o‘zi ishlab chiqqan mahsulotini qayta ishlash chorasini ko‘radi. Turli shisha qadoqlardagi ichimliklar ishlab chiqaruvchilar, texnikalar ishlab chiqaruvchilariga ham qayta ishlash to‘lovi joriy qilingan. Shu narsani bizda ham qo‘llash kerak. Yana bir jihat. Ko‘pchiligimiz xorijiy mamlakatlarda bo‘lganmiz. Ularda tselofan yoki qog‘oz paketlarning bittasi bir dollar turadi. Shuning uchun ham ularning fuqarolari yonida paket olib yuradi. Bunga sabab, ularda utilizatsiya to‘lovi mavjudligidir. Boshqa bir jihat. Ishlab chiqarilayotgan tselofan paketlar bir marta ishlatilganidan so‘ng yaroqsiz bo‘lmasligi uchun makroni, ya'ni qalinligini oshirish kerak. Bundan tashqari, paketchalarni organik moddalar bilan birga ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ularning chirish jarayonini tezlashtiradi”, - dedi Adhamjonov.

“Darhaqiqat, ro‘zg‘orda ishlatiladigan tselofan paketlar haqida gap ketayapti. Fransiya 2020 yildan boshlab shu kabi mahsulotlarni qo‘llashni taqiqladi. Bizda ham bunga imkoniyatlar bor. Chiqindilar to‘g‘risidagi qonunda ta'kidlanganki, har bir ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotini zararsizlantirishning hisob-kitobini oxirigacha yetkazib qo‘yishi kerak. Ammo, ming afsuski, bu kabi mahsulotlarni ishlab chiqarayotgan korxonalar bu narsalarga e'tibor bermayapti. Natijada ulardan keng miqyosda foydalanilayapti”, - dedi sessiyada ishtirok etgan mutaxassislardan biri. 

Top