11:06 / 24.11.2017
32093

Surxondaryoda mudhish qotillik: ota o‘z o‘g‘lini o‘ldirdi 

Uyda zerikkan Husniddin endi ko‘chaga chiqqan ham edi, allaqayerdan baqir-chaqir ovozlar eshitilgandek bo‘ldi. U quloqqa chalingandir, degan xayolda ahamiyat bermadi. Biroq, shu zahoti qo‘shnining eshigi taraqlab ochildi. Husniddin bir cho‘chib tushdi va o‘sha tarafga qaradi, o‘zi tomon qo‘llari qonga belangancha yugurib kelayotgan qo‘shni kelinni ko‘rdi-yu, dong qotdi. Og‘zini ochishga ham ulgurmay, ayol yig‘lagancha kelib, tez uyiga borishni so‘radi-da, orqasiga qaytdi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Nima bo‘layotganiga tushunmagan Husniddin hayron bo‘lgancha uning ortidan endi bir-ikki qadam qo‘ygan ham edi, kelin ortiga o‘girildi.

-  Iltimos..! Tezroq yuraqoling... Qaynotam erimni pichoqlab qo‘ydi.., - u bu so‘zlarni deyarli chopaturib, yig‘i aralash, entikib zo‘rg‘a aytdi.

Husniddin shundagina noxush voqea yuz berganini tushundi va qo‘shni kelinning ortidan yugurdi. U hovliga kirganida Bozorboy chap xonaning ostonasida qoniga belanib yotardi. Nimagadir uning onasi ham “voy-voy”lab o‘tirardi. Husniddin qo‘shnisini ko‘tarmoqchi bo‘ldi, kuchi yetmadi. Yordamga chaqirmoqchi bo‘lib, ko‘chaga chopdi. Aksiga olib hech kim ko‘rinmadi. Shundan keyin ukasiga qo‘ng‘iroq qilib, tez yetib kelishni tayinladi.

Ukasi ko‘p kuttirmadi. Ikkovlashib Bozorboyni ko‘tarib, Husniddinning mashinasiga yotqizishdi. Onasi uning yoniga olib, kasalxonaga oshiqishdi. Afsuski, shifokorlarning sa'y-harakatlari besamar ketdi, Bozorboy olgan jarohatlari tufayli olamdan ko‘z yumdi.

Bu paytda Bozorboyning uyiga ichki ishlar xodimlari kelib, otasi Rasul Soipovni olib ketishgan edi.

Ma'lum bo‘lishicha, o‘sha kuni Rasul Soipov uyiga mast bo‘lib keladi. Bu esa xotiniga tabiiyki yoqmaydi. Er-xotin janjallashib qolishadi. Xotini bir gapdan qolmayotgani erga yoqmaydi. Ustiga-ustak aroq o‘z kuchini ko‘rsatadi. Er chakagi tinmayotgan xotinni tinchitish uchun o‘ylab ham ko‘rmay, oshxonadan pichoq ko‘tarib chiqadi va xotiniga tashlanadi. Ayolning omadi bor ekan, o‘g‘li Bozorboy o‘rtaga tushib, pichoq unga yengil jarohat yetkazadi.

Ham spirtli ichimlik ta'siridan, ham jahldan ayni paytda ko‘zi ko‘r bo‘lib, aqli zaiflashgan R.Soipov endi o‘g‘liga yuzlanadi. Pichoq zarb bilan uning qorin qismiga sanchiladi. Bozorboy madorsizlanib, cho‘kkalab qoladi. Qilg‘ilikni qilgan ota hech narsa bo‘lmagandek qo‘lida pichoq bilan hammomga kirib ketadi. Bozorboyning xotini esa yordam so‘rab, ko‘chaga otiladi...

Bo‘lib o‘tgan hodisa shulardan iborat. Hammasi arzimagan gap-so‘zlardan boshlangan. Agar ahamiyat berilsa, ana shu gap-so‘zlarning avval janjalga aylanishi, so‘ngra qotillikkacha yetib borishining asosiy sababi spirtli ichimlikdir. Ammo hamma aybni ichkilikka ag‘darish ham to‘g‘ri bo‘lmas. Yoshi oltmishga yetib, oq-qorani tanigan, farzandlarini uy-joyli qilib, nabiralar ardog‘ida yurish o‘rniga sudning qora kursisiga o‘tirishga uni nima majbur qildi? Axir hech kim uning bo‘g‘zidan aroq quymagandir?! Nima bo‘lganida ham endi kech, “g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘ldi”.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat sudi qasddan o‘z farzandining qotiliga aylangan R.Soipovga 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. 

Top