17:59 / 24.11.2017
23386

Tarixiy davlat tashrifiga nisbatan Koreya matbuotining munosabati qanday?

Foto: Prezident matbuot markazi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “tarixiy burilish yasovchi” davlat tashrifi mana bir necha kundirki Koreya Respublikasidagi yirik televizion, bosma va elektron media ommaviy axborot vositalari diqqat  markazida bo‘lib turibdi.

Koreys OAV davlat tashrifini keng yoritmoqda. Milliy telekanallarning jonli efirlarida davlat tashrifi dasturi doirasida o‘tkazilgan tadbirlar namoyish qilinmoqda. Muhim tahliliy telereportajlar va kengaytirilgan maqolalar tayyorlanmoqda.

Koreys jurnalistlari o‘z maqolalarida ikki davlat yetakchilari o‘rtasida o‘rnatilgan ishonch va o‘zaro hurmatning beqiyos darajada ekanligiga urg‘u bermoqda. Natijada davlat tashrifi davomida o‘zaro hamkorlikning salmoqli sohalari bo‘yicha muhim shartnoma va kelishuvlar imzolandi.

Koreyalik tahlilchilarning fikriga ko‘ra, mazkur davlat tashrifi O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi munosabatlarni yangi sifat bosqichiga ko‘taradi.

Koreys mutaxassislari o‘z tahliliy materiallarida Koreya Prezidenti O‘zbekiston bilan munosabatlarga strategik ahamiyat qaratayotganini ta'kidlashib, “Koreya O‘zbekistonni Yevroosiyo mamlakatlariga nisbatan yangi tashqi siyosatining markaziga "qo‘yganligi” e'tirof etishmoqda.

Mutaxassislar yana shuni ham e'tirof etishadiki, O‘zbekiston mintaqadagi muhim hamkor sifatida, koreys sarmoyadorlari uchun e'tiborga molik manzil sanaladi. Bundan davlat tashrifi doirasida imzolangan savdo-iqtisodiy hujjatlarning salmoqli paketi ham dalolat berib turibdi.

Quyida Koreyadagi yirik media manbalarda Prezidentimizning davlat tashrifiga bag‘ishlangan turli materiallardan ba'zi iqtiboslarni keltirib o‘tiladi.

“Mun Chje In O‘zbekiston uning yangi “Yevroosiyo” siyosati markazidan joy olganini ta'kidladi" sarlavhasi ostidagi maqoladan:

(Yonhap News yetakchi internet-manbasi, 23.11.2017y.)

“Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In O‘zbekiston bilan ikki tomonlama aloqalarning kelajakdagi rivojini ta'minlovchi chora-tadbirlarning kuchaytirilishiga va'da berdi va respublika “uning  Yevroosiyo mamlakatlari bilan munosabatlariga bog‘liq yangi tashqi siyosatining markazida joylashganini” ta'kidlab o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot markazi

“Yangi tashqi siyosat doirasida mamlakat Yevroosiyo mamlakatlari bilan hamkorlik va turli sohalarda, xususan, iqtisodiy, transport va energetika sohalarida qo‘shma loyihalar ta'minlanishi bo‘yicha iqtisodiy hamkorlik Qo‘mitasini tuzishni rejalashtirmoqda. O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi yetakchi davlat sifatida bu rejalarning markazida turadi”.

“Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar orasidan Koreyaga tashrif buyurishi uchun O‘zbekiston Prezidentini taklif etdim va men ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etaman”, - deya e'lon qildi u.

“Koreya-O‘zbekiston: barcha yo‘nalishlar bo‘yicha aloqalarning kengayishi” maqolasidan:

(“Koreya Tayms” eng yirik kundalik gazeta, 24.11.2017y.)

“Ikki mamlakat Prezidentlari Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklikning har tomonlama mustahkamlanishi to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonotni imzoladilar. Mazkur hujjatga ko‘ra, har ikki davlat sheriklikning rivojlanishi uchun choralar ko‘radi. Iqtisodiyot va savdo-sotiq sohalarida, shuningdek, madaniyat sohasida ham hamkorlikni kengaytirish yo‘llarini qidiradi”.

"O‘zbekiston – Koreya sarmoyaviy hamkorligining yuksak tomonlari" maqolasidan: 

(Korea Times gazetasining 2017 yil 24 noyabrdagi eng yirik soni)

Bugungi kunda Koreya Respublikasi O‘zbekistonning eng yirik sarmoyaviy sheriklaridan biridir. "Yirik energetika resurslari, zarur xom ashyo, yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlari bilan O‘zbekiston mintaqada katta nufuzga ega”.

"Koreya sanoatining O‘zbekistonga jadal kirib borishi nafaqat 60 millionlik Markaziy Osiyo, balki 300 millionlik aholiga ega MDH mamlakatlari bozoriga chiqish demakdir. Xitoy va Hindistonning yirik iste'mol bozori ham bu mamlakatga juda yaqin.” 

"Koreya va O‘zbekiston rahbarlari hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar" maqolasidan: 

(Korea Herald nashri maqolasidan 24.11.2017).

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In o‘z lavozimiga kirishgan 2017 yilning may oyidan buyon Koreya Respublikasiga to‘rt kunlik tashrif bilan kelgan ikkinchi xorijiy davlat rahbaridir. Birinchisi shu oyning boshida ikki kunlik tashrif bilan kelgan AQSh prezidenti Donald Tramp bo‘lgan edi.

Foto: Prezident matbuot markazi

"Seulda oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida strategik hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olindi”.

"Koreya – O‘zbekiston sammiti" maqolasidan:  

(Hankuk Ilbo yetakchi internet nashri maqolasidan: 2017 yil, 23 noyabr).

"23 noyabr kuni Prezident Mun Chje In Koreya Respublikasiga davlat tashrifi bilan kelgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida Mun Chje In Seul Toshkent bilan strategik aloqalarni mustahkamlash va sodiq do‘st bo‘lish niyatida ekanini aytdi. 

Chong Wa Dae Residence mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan rasmiy qabul chog‘ida Mun Chje In O‘zbekiston Koreya Respublikasining Markaziy Osiyodagi muhim strategik hamkori va Yevroosiyo qit'asining yuragiga aylanganini ta'kidladi. 

Koreya Prezidenti, shuningdek, "bundan 80 yil muqaddam O‘zbekiston Uzoq Sharqdan O‘rta Osiyoga ko‘chirilgan koreyslarni mamnuniyat bilan o‘z bag‘riga olganligini va bugun ham O‘zbekistonda yirik koreys diasporasi istiqomat qilayotganini e'tirof etdi. Shu munosabat bilan “Biz O‘zbekistonni qardosh davlat sifatida qabul qilamiz” – dedi Koreya prezidenti. 

Top