Zimbabvening yangi prezidenti Emmerson Mnangagva G‘arb davlatlarini mamlakatda inson huquqlari buzilishi holatlari tufayli avval qo‘llangan sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi. U Zimbabveda xorijiy investitsiyalar saqlab qolinishini ma'lum qilgan.
«Biz shuni so‘raymizki, o‘tmishda bizga qo‘llangan jazolar qayta ko‘rib chiqilishi kerak», — degan Mnangagva prezident sifatidagi ilk chiqishida.
U Zimbabve hukumati xorijiy investitsiyalar xavfsizligini kafolatlashini va'da qilgan.
Bundan tashqari, u avvalgi hukumat tomonidan yerlari tortib olingan oq tanli fermerlarning zararlari qoplab berilishini ma'lum qildi.
Qayd etish kerakki, yangi prezident mamlakatni 37 yil boshqargan diktator Robert Mugabega vitse-prezident hisoblanardi. U oktabr oyida lavozimidan iste'foga chiqarilgan, Mugabe uni davlat to‘ntarishi amalga oshirishga urinishda ayblagandi. Shundan so‘ng u mamlakatdan qochib ketdi. 15 noyabr kuni esa mamlakat armiyasi Mnangagvani qo‘llab chiqdi va poytaxtni egallab, Mugabeni hokimiyatdan chetlashtirdi. Bir necha kun o‘tib, Mugabe lavozimini o‘z ixtiyori bilan tark etdi.