Xabaringiz bor KUN.UZ sayti orqali joriy yilning avgust oyida “Rossiyadagi yurtdoshlarimiz diqqatiga: 9 yoshli Jahongir saxovatpesha insonlar ko'magiga intizor” maqolasi e`lon qilingan edi. Ushbu maqolada o'z amakisi tomonidan o'qqa tutilgan va buning oqibatida 1-guruh nogironi bo'lib qolgan 9 yashar Jahongir degan bola taqdiri haqda so'z boradi. Jahongirning salomatligini tiklash va uni sog'lom hayotga qaytarishni maqsad qilgan holda xayriya aksiyasi tashkillashtirildi. Xo'sh, ayni damda Jahongirning salomatligi qay darajada? Ijobiy o'zgarishlar bormi? Biz bularni bilish maqsadida Jahongirning buvisi Xusnida Giyazova bilan suhbatlashdik.

- Ushbu xayriya aksiyasi o'tkazilganidan to shu kungacha jami 230 ming rubl yig'ildi. Shundan yuz ming yuz rubli nabiramning xarajatlari uchun sarflandi, - deb hikoya qiladi Xusnida Giyasova. – Boshida bizga DTsP (bolalar tserebral falaji) tashxisi qo'yilgan edi. Ammo bu noto'g'ri tashxis ekan. Negaki bolaning sezgi organlari yaxshi ishlayotgani ma`lum bo'ldi. Hozir Jahongirning salomatligi ancha yaxshilangan. Rossiyaga kelganimizda uning vazni 19 kilogramm edi. Hozir esa 30 kg.ga yetgan. 

Ma`lumotlarga ko'ra, Jahongir shu kunga qadar 12 ta operatsiyani boshdan o'tkazgan. Ayni damda u yana jarrohlik operatsiyasini boshidan kechirishi kerak. Bu haqda uning buvisi shunday deydi: 

“So'nggi, eng oxirgi operatsiyada uning umurtqa pog'onasining pastki qismiga qo'shimcha maxsus disklar o'rnatilishi kerak. Ana shunda Jahongir oyoqqa turadi. Xullas nabiram yana ikkita operatsiyani boshidan o'tkazishi kerak bo'ladi. Jahongirning reabelitatsiyasi, ikkita operatsiyasi barchasiga 657 ming rubl mablag' talab etilyapti. Ammo men yolg'iz boshim bilan, mana shu begona yurtlarda yurib, buncha mablag' jamg'arishga qurbim yetmayapti. Qo'limdan kelgan barcha ishlarni qildim. Shu nabiram uchun borimni berishga tayyorman. Shu paytgacha menga yaxshilik qo'lini cho'zgan odamlardan butun umr minnatdorman. Biz o'zbeklarmiz, bir-birimizni og'ir paytlarda hech qachon yolg'izlatib qo'ymaymiz. Rossiyada, oilamni boqay deb ishlagani kelgan, shu bilan birga bizga imkon qadar ko'mak bergan vatandoshlarimdan mingdan ming roziman. Men ular bilan faxrlanaman. Har doim qo'ng'iroq qilishadi. Jahongirning salomatligi haqda so'rashadi. Qurbi yetganlar moddiy yordam ko'rsatishadi. Men ular haqida doim duodaman”.

Xusnida opaning aytishicha, yuqorida aytilgan operatsiya yangi yilgacha, uzog'i bilan yangi yildan keyin amalga oshirilishi kerak. Buning uchun eslatib o'tganimizdek, 657 ming rubl mablag' talab etiladi.

“Boshimizga mana shunday musibat tushgach, menga aytishdi: nabirangizni bolalar uyiga bering deb. Ammo men rozi bo'lmadim. Sabr qildim, oxirigacha kurashaman dedim. Inson hayoti bir tekis davom etmaydi. Menga o'xshab boshiga musibat tushganlarga, yaqinlari og'ir holatda qolganlarga aytmoqchi bo'lganim: sabr qiling, yaxshilar muruvvatiga ishoning va asosiysi Allohdan umidingizni uzmang”.

Azizlar, Jahongirning sog'lom hayotga qaytishiga bir qadam qoldi. Unga yana bir bor yordam qo'lini cho'zaylik. Barchasi yaxshilikka. Eng muhimi bu xayrli amalimizni Yaratgan Egam ko'rib, bilib, hisobga olib bormoqda.

Jahongirga yordam bermoqchi bo'lgan yaxshilar uchun qo'shimcha ma`lumotlar:

Agrobank - hisob raqami: 8600 0417 1153 2524 (Payme | Click)

Rossiyadagi saxovatpesha yurtdoshlarimiz uchun:

SberBank - hisob raqami: 4276 5500 6008 0630

Xusnida Giyazova bilan bog'lanish uchun raqam: +79219292445

Youtube'da ko'rish

Mover.uz'da ko'rish