14:40 / 27.11.2017
86626

Maoshini ololmayotgan 280 dan ortiq ishchi oilasini boqishi uchun o‘g‘rilik qilsinmi?

Foto: KUN.UZ

KUN.UZ tahririyatiga «O‘zbekneftegaz» aksiyadorlik jamiyati muassisligida tashkil etilgan Chigil Neft Gaz MChJ ishchi xodimlari nomidan murojaat kelib tushgan edi. Unda mazkur firma 340 ga yaqin ishchi xizmatchiga 9-10 oydan beri oylik ish haqini bermayotgani haqida ma'lum qilingan.

KUN.UZ muxbiri mazkur masalani o‘rganish maqsadida 24 oktabr kuni Qarshi shahriga xizmat safari uyushtirdi. Shundan so‘ng, «O‘zbekneftegaz» muassisligidagi firma ishchilari 10 oydan beri maosh olmadi” nomli maqola e'lon qilingan edi. 

Maqolada «O‘zbekneftegaz» AJga qarashli Chigil Neft Gaz MChJni “Sho‘rtanneftgaz” MChJ tarkibiga qo‘shish haqida buyruq chiqarilgani, Chigil Neft Gaz'ning 284 mlrd so‘mlik texnika va uskunalari «O‘zbekneftegaz» ko‘rsatmasi bilan qonunchilikda belgilangan tartibga rioya qilinmagan holda oldindan ma'lum bir foiz to‘lov amalga oshirilmasa ham «O‘zbekneftegaz» AJ tarkibidagi «O‘zburneftgaz» AJga berib yuborilgani, ulardan qurilmalar uchun atigi 5-6 mlrd so‘m olingani, 300 dan ortiq ishchi-xizmatchilarga maosh berilmayotgani va boshqa masalalar xususida bong urilgan edi.  

Tahririyat muxbiri Chigil Neft Gaz MChJning “Sho‘rtanneftgaz” MChJga qo‘shilish jarayoni qanday ketayotgani, qaysi bosqichda ekani, ishchilarning ish haqlari bilan bog‘liq muammo qanday hal etilayotgani bilan bog‘liq masala qay darajada hal etilayotganini so‘rash maqsadida “Sho‘rtanneftgaz” MChJ direktori Shokir Jabborov bilan telefon orqali bog‘landi. Afsuski, muxbir o‘zini tanishtirganidan so‘ng, dastavval o‘zining “Sho‘rtanneftgaz” MChJ direktori ekanini tasdiqlagan Shokir Jabborov murojaat mohiyatini anglaganidan so‘ng, go‘shakni qo‘ydi va u bilan qayta bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. 

Shundan keyin Chigil Neft Gaz MChJ direktori Salimxo‘ja Amanov bilan bog‘landik. Uning ma'lum qilishicha, ayni vaqtda MChJning “Sho‘rtanneftgaz” MChJ tarkibiga qo‘shilishi bo‘yicha amaliy ishlar tez sur'atlarda olib borilmoqda. “Sho‘rtanneftgaz” MChJ mazkur jarayon yakunlamaguncha, huquqiy jihatdan Chigil Neft Gaz ishchi-xizmatchilariga biror ko‘rinishda bo‘lsin maosh to‘lay olmaydi. Amanovning aytishicha, tugatilayotgan mas'uliyati cheklangan jamiyati ishchilarining hech biri, shu jumladan, o‘zi ham bir necha oylardan beri maoshni to‘liq olgani yo‘q. Faqatgina, 5-6 nafar ishchiga, MIB tomonidan order kelgani sababli maoshlari to‘liq to‘lab berilgan, xolos. 

«O‘zbekneftegaz» AJga berib yuborilgan qurilmalar uchun o‘tkazilishi kerak bo‘lgan 284 mlrd so‘m mablag‘ xususida so‘raganimizda, Amanov u mablag‘ hali o‘tkazib berilmaganini bildirdi. 

Shu o‘rinda bir mulohaza. Gapning indallosini aytganda, mulohaza bildirishdan ham charchadi odam, chunki bu mulohazalarni o‘qigan mutassadi tashkilotlarning hech biri, asosiysi, Chigil Neft Gaz muassisi hisoblangan «O‘zbekneftegaz» AJ 300 dan ortiq ishchining maoshini berish uchun amaliy chora ko‘rgani yo‘q. Maoshini ololmayotgan otalar ishdan borganida farzandlari qo‘llariga termulishganda nima deb javob berishayotgan ekan? Balki, Qarshida maoshini bir necha oylardan buyon ololmayotgan, ammo umidini uzmayotgan 300 ishchining ortida necha qorako‘z borligini yuqoridagi rahbarlar ko‘z oldilariga keltirmayotgandir?! Yoki ishchilar oilalariga biror narsa olib borishi, kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lay olmaganlari bois (sub'yektiv sababga ko‘ra) MIB tomonidan yozilayotgan penya va jarimalarni to‘lashi uchun jinoyatga qo‘l urishlari kerakmi?

Aks holda, «O‘zbekneftegaz» MXK rahbariyati, jillaqursa, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasi talabini bajargan bo‘lar edi. O‘zbekistonda amaldan to‘xtatilgan emas, balki amalda bo‘lgan (balki qog‘ozdadir) 161-moddasida mehnatga haq to‘lash jarayoni tartibga solingan bo‘lib, unga ko‘ra, mehnatga haq to‘lash muddatlari jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal normativ hujjatda belgilanishi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emasligi qayd qilingan. Kodeksning 154-moddasida ish beruvchi o‘zining moliyaviy holatidan qat'i nazar xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq, mazkur Kodeksning 161-moddasida ko‘rsatilgan muddatlarda amalga oshirishi belgilangan. 

Lekin «O‘zbekneftegaz» AJ Chigil Neft Gaz'ni “Sho‘rtanneftgaz”ga qo‘shish to‘g‘risida qaror chiqarganidan ko‘ngli to‘lgan shekilli, ishchilarning maoshini berish borasida juda ham bosh og‘ritayotgani yo‘q. 

Tolib Rahmatov,

KUN.UZ muxbiri.

Mavzuga oid
Top