19:10 / 28.11.2017
13389

Bitkoin kursi rekord o‘rnatishda davom etmoqda: endigisi 10000 dollar

Foto:SS0

Dunyodagi eng ommaviy va qimmat turuvchi kriptovalyuta bo‘lgan bitkoinning kursi 28 noyabrdagi savdolar vaqtida 10 ming dollardan oshdi. 

Coinmarketcap.com ma'lumotlariga ko‘ra, 28 noyabrda bitkoin narxi 10200 dollarga yetib, yangi tarixiy rekordni qayd qildi. 

Umuman olganda, bitkoin kursi yil boshidan 10 martadan ko‘proqqa qimmatlab, uning kapitallashuvi 167 mlrd dollardan oshdi. Kriptovalyutalar bozorining umumiy kapitallashuvi esa 310 mlrd dollardan ko‘proqqa yetdi. 

Bir qator mutaxassislar bitkoin kursi bunday cho‘qqiga erishishini kutgandilar, biroq bu yil oxirida yuz berishini prognoz qilgandilar. Biroq oxirgi kunlarda bitkoin kursining jadal qimmatlashishi bu darajaga erishishni tezlashtirib yubordi, vaholanki 24 noyabrda bitkoin kursi 8 ming dollar atrofida bo‘lgan. 

“Blokcheyn-texnologiyalar bilan qiziqayotgan va bitkoinga mustahkam aktiv sifatida ishonayotgan sarmoyachilar soni oshmoqda – kriptovalyutalar bozoriga borgan sari ko‘proq mablag‘ kiritilmoqda. Unga bank sektorining yirik o‘yinchilari ham, avtomobilsozlik kompaniyalari ham, Amazon kabi yirik kompaniyalar ham kirmoqda. Bitkoinning narxi ana shu sababli o‘smoqda”, deb fikr bilddirdi Tokenbox tahlilchisi Igor Doganov.

Shu bilan birga, uning aytishicha, kriptovalyutalar bozorining o‘zgarishi bir qator hodisalarga bog‘liqdir. Jumladan, bitkoin bu kriptovalyutaga fyucherslar joriy qilinishi kutilishi bilan bog‘liq ravishda qimmatlashmoqda. 

Top