21:38 / 28.11.2017
15010

Misr voqealariga munosabat: Mo‘minning qonini to‘kish ulkan baxtsizlikdir

Foto: AFP

Barcha masjidlar Allohniki, masjidlar mening uyim degan Parvardigori olamga beadad hamdu sanolar bo‘lsin. Masjid jannat bog‘chalaridir deb bizlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlagan Rasuli Akram sallallohu alayhi va sallamga cheksiz durudu salovotlar bo‘lsin.

Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sallallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: “Masjidlarni quringlar va undan axlatlarni chiqaringlar. Kimiki Xudo uchun masjid qursa, Alloh taolo u uchun jannatda bir qasr quradi va masjiddan axlatlarni terib olish bu jannatdagi huru aynlarning mahridir”, deganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Bir habash erkak yoki ayol bor edi. Doimo masjiddagi axlatlarni, ortiqcha narsalarni chiqarib yurar edi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uni ko‘rmaganlari uchun so‘radilar. Sahobalar, Yo Rasululloh sallallohu alayhi va sallam u kishi vafot etdi – dedilar. Shunda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam xafa bo‘lib dedilarki: “Nima uchun menga aytmadingizlar? Qani qabrini menga ko‘rsatinglar”, deb qabr boshiga borib janozasini o‘qidilar. Demak, masjid qurish, uni obod etish, pokiza saqlashlik ulug‘ savoblik ishlardan ekan.

Masjid - mo‘minlar Allohga ibodat qiladigan, qalbi orom oladigan, gunohlardan tavba qiladigan, dunyo va oxirat yaxshiliklarini talab qiladigan, duolar qilinadigan muqaddas dargohdir. U joyga borganlar ibodatdan forig‘ bo‘lganlaridan so‘ng (masjid hovlisida) o‘zaro ko‘rishishlari, bir-birlarini hollaridan xabar olishlari kerak. Masjid hovlisida g‘iybat, bo‘hton, birovlarning obro‘sini to‘kadigan so‘zlarni aytish joiz emas, aks holda masjidning hurmati, ehtiromi yo‘qoladi. Masjidlarda janjallashmoq, bahslashmoq, baland ovozda gaplashmoq, behuda so‘zlar bilan odamlarga ozor bermoq qat'iy man qilingan. Hattoki, masjidlarni oldidan o‘tganda ham uni hurmatini o‘z o‘rniga qo‘yishga buyurilganmiz.

Masjidlar Allohning uyi, musulmonlar jam bo‘ladigan joy bo‘lganligidan, u yerga boruvchilar ham chiroyli, toza-pokiza kiyimlarni kiyib, iloji bo‘lsa, misk, yaxshi hid taratadigan xushbo‘y atirlar sepib borishlari talab etiladi. Namozxonlarga ozor beradigan nosvoy, sigaret, hatto halol bo‘lsa ham badbo‘y piyoz, sarimsoq piyoz kabi narsalarni iste'mol qilib masjidga borish makruh sanaladi. Chunki odamlarga ozor beradigan sassiq hidlar farishtalarga ham ozor beradi. Alloh taolo bandalarini masjidga borishda yuvinib-taranib, xushbo‘ylanib, ziynatlanib borishdan tashqari masjid ichini, hovlisini, yon-atrofini, binosini obod qilish, pokiza saqlashga ham amr qilgan. Masjid musulmonlarning muqaddas dargohi bo‘lganidan har bir musulmon uni avaylab, ko‘z qorachig‘idek asrashi, binolariga ziyon-zahmat yetishining oldini olishi lozimdir.

Yuqoridagi hadisi shariflar, dinimiz ko‘rsatmalaridan bilib olsak bo‘ladiki, masjidlar Allohning uyi, muqaddas dargoh, uni bino qilish, toza-pokiza saqlash ulug‘ ibodatlardan hisoblanadi. Bizning ota-bobolarimiz ham shu hadislarga, dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilib, masjidlarni doimo e'zozlab, hurmatlab kelgan. Sobiq ittifoq davrlarida ham bobo va momolarimiz aytar edi, masjid yoki qabriston oldidan o‘tganlaringda ehtiyot bo‘lib, duo qilib o‘tinglar, nojo‘ya harakatlar qilib, biron-bir zarar ko‘rib qolmanglar deb ta'kidlardi. Hozirgi kunda ham barcha mo‘min-musulmon xalqimiz masjid yoki qabriston yonidan o‘tsalar qo‘lini duoga ochib yaxshilik tilab o‘tadilar. Ota-bobolarimizdan bizgacha yetib kelgan bunday ulkan meros bugungi kunda ham unib-o‘sib kelayotgan kelajak avlodlarimizga bebaho boylik bo‘lib xizmat qilmoqda. Xalqimizni bunday bebaho, sof e'tiqodi qon-qonimizga singib ketgan. Bu e'tiqoddan Allohim hech qachon bizlari ayirmasin.

Afsuski, hozirgi vaqtlarda ba'zi bir xorijiy davlatlarda shunday ulug‘ maskanlarga nisbatan tajovuz qilish, portlatish, vayron qilish hollari kuzatilmoqda. Yaqinda  bir guruh “Xudoning dushmanlari” tomonidan Misrning Sinay yarim orolida joylashgan masjidlarning birida, juma namozi vaqtida mudhish terakt sodir etildi. Terakt oqibatida masjidda portlash, 305 nafar begunoh insonlar halok bo‘ldi. Shulardan 27 nafari yosh bolalar.

Alloh taolo Qur'oni karimda: “Kimda-kim qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g‘azab qilgay, la'natlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qo‘ygay”. (Niso surasi-93)

Islom dini nohaq qon to‘kishni harom qilgan va hatto urush chog‘ida ham bolalar, ayollar va keksalarni o‘ldirish, shuningdek, uy-joylar, inshootlarni vayron qilish taqiqlangan. Bir mo‘minni qasddan o‘ldirishning gunohi naqadar og‘ir ekanligi, bunday jinoyatchiga oliy jazo – jahannamda abadiy qolish, Allohning g‘azabi va la'natiga duchor bo‘lish tayin qilingandir. Bundandan og‘ir jazoni o‘zi bo‘lmasa kerak. Undan tashqari bularning bu og‘ir jinoyati Allohning masjidlaridan birida amalga oshirilishi naqadar achinarli holat, naqadar vahshiylikdir. Bu qilmishlar esa ularni ochiq Allohning dushmani ekanligini belgisidir. 

Navbahor tuman bosh imom-xatibi:
Bobonazarov Saydulla

Mavzuga oid
Top