17:29 / 28.11.2017
10970

Olimlarga jami 100 million so‘mlik pul mukofotlari topshirildi

Foto: uzscience.uz

27 noyabr kuni Toshkentdagi International Hotel Tashkent mehmonxonasida O‘zbekistonda ilk marta Science Leader Web of Science award - 2017 xalqaro sovrini bilan taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi hamda AQShning Clarivate Analytics kompaniyasi tomonidan tashkillashtirilgan mazkur tadbirda jahon ilm-fani rivojiga hissa qo‘shayotgan, ilmiy bilimlarni targ‘ib qilayotgan, shuningdek, ilmiy faolligi yuqori bo‘lgan O‘zbekistondagi yetakchi olimlarga 30 mln so‘mgacha miqdordagi pul mukofotlari, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar taqdim etildi.

Xalqaro sovringa munosib nomzodlarni aniqlashda Web of Science elektron ma'lumotlar bazasiga kirgan ilmiy nashrlarda so‘nggi 10 yil ichida chop etilgan ilmiy maqolalar va ularga keltirilgan havolalar asos qilib olindi. Eng katta ilmiy yutuqlarga (nufuzli ilmiy jurnallarda maqola chop etgan, ilmiy ishlaridan xorijda havolalar keltirilgan, xalqaro darajadagi patentlarni olgan) erishganlar g‘olib deb topildi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti kafedra mudiri, texnika fanlari doktori Dilshod To‘laganov ilm-fan rivojiga qo‘shayotgan hissasi uchun I darajali faxriy yorliq va 30 mln so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi. So‘nggi o‘n yil davomida uning dunyoning turli ilmiy nashrlarida chop etilgan 68 ta maqolasiga 939 marotaba havolalar berilgan, h-index darajasi 19 ni tashkil etadi.

Astronomiya instituti bo‘lim mudiri, fizika-matematika fanlari doktori Bobomurod Ahmedov (77, 609/14) hamda Matematika instituti yetakchi ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Bahrom Omirov (62, 320/11) ilm-fanni targ‘ib qilgani uchun II darajali faxriy yorliq va 20 mln so‘mdan pul mukofotiga munosib ko‘rildi.

O‘simlik moddalari kimyosi instituti laboratoriya mudiri, kimyo fanlari doktori professor Bahodir Toshxo‘jayev (72, 84/4) - tabiiy fanlar bo‘yicha, Fizika-texnika instituti doktoranti, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Xusniddin Olimov (41, 189/9) - texnika fanlari bo‘yicha hamda Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminister universiteti katta o‘qituvchisi Raufxon Saloxodjayev (16, 61/5) - ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha III darajali faxriy yorliq va 10 mln so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Shu bilan bir qatorda, marosim doirasida «Eng yaxshi ayol tadqiqotchi», «Eng yaxshi yosh olim», «Eng yaxshi ilmiy jurnal», «Eng yaxshi oliy ta'lim muassasasi», «Eng yaxshi ilmiy tadqiqot muassasasi» nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar Fan va texnologiyalar agentligi va Clarivate Analytics kompaniyasining Faxriy yorliqlari va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanadilar.

Clarivate Analytics kompaniyasi dunyoning 100 dan ziyod davlatlarida Science Leader Web of Science award nominatsiyasini e'lon qilib, eng yaxshi natijalarga erishgan, Web of Science xalqaro bazasiga kiritilgan maqolalari olimlarni rag‘batlantirib keladi.

Top