11:40 / 28.11.2017
44639

Ular uchun barchasi muhayyo. Eng ko‘p maosh oluvchi TOP-10 futbolchi

Kataloniyaning «Barselona» klubi hujumchisi Lionel Messi klub bilan tuzgan amaldagi shartnomasini 2021 yilga qadar uzaytirdi. Natijada u yana dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilar reytingida yetakchi bo‘lib oldi.

Tribuna.Uz aqlbovar qilmas miqdorda maosh oladigan futbolchilar ro‘yxatini tuzib chiqdi. Quyida eng boy 10 nafar futbolchi bilan tanishib olish mumkin. Ahamiyatli tomoni, reytingning yarmi Xitoy chempionatida to‘p suradigan futbolchilardan iborat.

10. Grasiano Pelle

Klubi: «Shandun Luneng», Xitoy
Yillik maoshi: 15 million yevro
Amaldagi shartnomasi: 30 dekabr, 2018 yilgacha
Ronald Kuman Niderlandiya chempionatidan «Sauthempton»ga olib kelgan italiyalik saviya borasidagi kamtar hujumchi qisqa vaqtda Angliyada ham o‘zini ko‘rsata oldi. Lekin Pellening porlab chiqish 30 yoshdan keyin sodir bo‘ldi. Futbol ommasiga kech tanilgan futbolchiga kutilmaganda Xitoydan «yog‘li» taklif tushdi. Niderlandiyada oladigan maoshidan qariyb 20 baravar yuqori maosh uchun u shundoq ham so‘roq ostida bo‘lgan kelajagini almashtirib yubordi. Bugungi kunda Pelle Italiya terma jamoasidan umuman taklif olayotgani yo‘q, ammo Xitoyda yarim kuch bilan o‘ynab ham oyiga million yevrodan ortiqroq ishlab topmoqda.

9. Pol Pogba

Klubi: «Manchester Yunayted», Angliya
Yillik maoshi: 17 million yevro
Amaldagi shartnomasi: 30 iyun, 2021 yilgacha
O‘z vaqtida ser Aleks Fergyusonning xatosi tufayli sotib yuborilgan Pol Pogbani ortga qaytarish «MYu» uchun juda qimmatga tushdi. Jamoa  transfer rekordini yangiladi. Qo‘shimchasiga Pogbani Angliyada eng ko‘p maosh oladigan futbolchiga aylantirdi. Agar xitoyliklarni hisobga olmaganda bugungi kunda Pol dunyoning eng ko‘p maosh oladigan 5 futbolchidan biri bo‘lib turibdi.

8. Halk

Klubi: «Shanghay SIPG», Xitoy
Yillik maoshi: 20 million yevro
Amaldagi shartnomasi: 30 iyun 2020 yilgacha

Rossiya chempionatining yulduzi bo‘la olgan Halk bu ishni Xitoyda ham davom ettirmoqda. Hozircha Xitoy chempionatida o‘ynab, o‘ziga berilayotgan pulni qaysidir ma'noda to‘liq oqlayotgan futbolchilaridan biri sifatida aynan uni ko‘rsatish mumkin. Albatta 20 million yevro dahshatli darajada ko‘p. Ammo Xitoyda to‘lanayotgan pullar va futbolchilarning foydali ish koeffitsiyentini hisobga olsak, bu borada Halk yetakchi.

7. Ezekiel Lavessi

Klub: «Hebey Chayna Forchun», Xitoy
Yillik maoshi: 22 million yevro
Amaldagi shartnomasi: 31 dekabr 2017 yilgacha
Xitoy kimga pullarni sovurmoqda, degan savolga aynan Ezekiel Lavessi deb javob berish mumkin. Ba'zi manbalarga ko‘ra, uning maoshi 35 million yevro, ammo ishonchli manbalarda u oladigan summa 22 million yevro deb ko‘rsatilgan. Afsuski argentinalik futbolchi shu vaqtga qadar olgan maoshining o‘ndan birini ham oqlay olgani yo‘q. Ikki yillik faoliyati davomida birinchi mavsumda 10tagina uchrashuvda maydonga tushgan futbolchi birorta ham gol kirita olmagandi. Yaxshiyamki, 2017 yilda uning o‘yinida biroz o‘zgarish kuzatildi va Lavessi 20ta gol urishning uddasidan chiqdi. Agar shu ishni ham uddalay olmaganida bugun biz uning maoshini 1000dan bir nisbatda hisoblab yurgan bo‘lardik.

6. Garet Beyl

Klubi: «Real» Madrid, Ispaniya 
Yillik maoshi: 23 million yevro
Amaldagi shartnomasi: 30 iyun 2022 yilgacha

Futbolchilarning o‘ta qimmat narxi haqida gap ketganda kim puliga arziydi, degan savol o‘rtaga chiqadi va ko‘p o‘rinlarda aynan Beyl narxiga yarasha futbolchi degan fikrni eshitamiz. U muhim o‘yinlarda kiritgan gollari bilan buni isbotlagandek ham bo‘lgan. Ammo oxirgi vaqtlarda bu ham bahsli savolga aylanib qoldi. Garet «Real»ga kelganidan buyon 4 yil davomida 18 (!) marta jarohat oldi va madridliklarning juda ko‘plab uchrashuvlarini o‘tkazib yuborgan. Shunga qaramay, bugungi kunda «Real» futbolchi uchun oyiga salkam 2 million yevro to‘lamoqda.

5. Oskar

Klubi: «Shanghay SIPG», Xitoy
Yillik maoshi: 24 million yevro
Amaldagi shartnomasi: 31 dekabr 2020 yilgacha

Oskarning Halkdan ko‘proq maosh olishini ikki sabab bilan izohlash mumkin. Birinchidan, u Halkdan 5 yoshga kichik, ikkinchidan Oskar Angliya premer-ligasining eng kuchli jamoalaridan birini tashlab Xitoyga kelgan. Hozircha Oskar ham «Shanghay»ning yetakchilaridan biri bo‘lib turibdi. Ammo Halk bilan solishtirganda uning jamoa uchun tegayotgan foydasi soya ostida qolib ketadi. «SIPG» mana shuncha maosh to‘laganiga qaramasdan OChLda finalga ham chiqa olmagani, Xitoydagi ichki musobaqalarda ham birorta sovrni yuta olmagani juda achinarli holat albatta.

4. Krishtianu Ronaldu

Klubi: «Real» Madrid, Ispaniya
Yillik maoshi: 34 million yevro
Amaldagi shartnomasi: 30 iyun 2021 yilgacha

So‘nggi ikki yilda dunyoning eng yaxshi futbolchisi deb topilayotgan Krishtianu Ronaldu bu ro‘yxatda kuchli uchlikda ham emasligini bitta sabab bilan izohlash mumkin. Yuqorida turganlar yangi shartnoma imzolaganlar va albatta aqldan ozgan Xitoy. Ronalduning maoshini oqlashi haqida savolga esa barchaning javobi bir xil yangrashi aniq albatta. Ha, u hozircha olayotgan puliga munosib futbolchi.

3. Neymar

Klubi: «PSJ», Fransiya
Yillik maoshi: 36 million yevro
Amaldagi shartnomasi: 30 iyun 2022 yilgacha

«PSJ» Neymarni qo‘lga kiritish uchun 222 million yevro sarflashidan tashqari unga yiliga 36 million yevro maosh to‘lashiga ham to‘g‘ri keladi. Messi va Ronaldudan keyin dunyoning eng yaxshisi bo‘lishga birinchi raqamli da'vogar bo‘lib turgan futbolchini boshqachasiga o‘ziga og‘dirib olishning ilojisi ham yo‘q edi. Hozircha Neymar Fransiyadagi faoliyatining ibtidosida turibdi. Uni sotib olishdan ko‘zlangan maqsadga erishiladimi yoki yo‘q, bu haqida kamida mavsum so‘nggini kutishimiz kerak bo‘ladi.

2. Karlos Teves

Klub: «Shanghay Shenhua», Xitoy
Yiliga: 38 million yevro
Amaldagi shartnomasi: 31 dekabr 2018 yilgacha

Ezekiel Lavessiga munosib raqobatchi. Albatta pullarning sovurilishi masalasida 2015 yilda Argentinaga qaytayotgan Teves pul uning uchun hech qachon birinchi o‘rinda turmasligini va Argentinaga faoliyatini yakunlash uchun qaytayotgani haqida bayonot bergandi. Oradan 1,5 yil o‘tib u barcha gaplarini inkor qilib, aqlbovar qilmas shartnoma evaziga «Shanghay Shenhua» safiga kelib qo‘shildi va u dunyoning eng ko‘p maosh oladigan futbolchisiga aylandi. Natija qanday bo‘ldi deysizmi? Yil davomida 20 o‘yinda 4ta gol. Hozircha Tevesning har bitta goli «Shanghay»ga salkam 10 million yevroga tushmoqda. Yo‘q biz adashibmiz, Lavessi Tevesning oldida «farishtaga» aylanib ulguribdi.

1. Lionel Messi

Klub: «Barselona», Ispaniya
Yillik maoshi: 43 million yevro
Amaldagi shartnomasi: 30 iyun 2021 yilgacha.

Va nihoyat bir yil o‘tib Teves dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisi unvonini topshiradigan bo‘ldi. Dekabr oyidan boshlab Messi endi yangi shartnoma bo‘yicha maosh oladi va yana eng ko‘p maosh oluvchi futbolchi unvonini o‘ziga qaytarib oladi. Agar 43 million yevro yillik maoshga kim arziydi deb so‘rasangiz, bugun butun dunyo futbolida faqatgina Messini ko‘rsatish mumkin. Leo ham shu ma'noda o‘ziga mos bo‘lgan o‘ringa yana qaytdi.

Azamat Murodov tayyorladi

Top