18:22 / 29.11.2017
26144

«Erkakchasiga» gaplashish...

Yoshlikni gohida shiddat bilan oquvchi, yo‘lida uchragan daraxtlarni qo‘porib, toshlarni surib ketuvchi asov daryoga qiyos qilishadi. Bu o‘xshatishda qay bir ma'noda haqiqat bor. Yoshlikda kishi uncha-muncha ishni pisand qilmaydi. Ayniqsa, jahli chiqqanda o‘zini boshqara olmay qoladi, vazminlik bilan ish ko‘rishni unutadi. Shu bois bo‘lsa kerak, ba'zan nojo‘ya xatti-harakat sodir etsa ham, “Ha endi hali yosh-da! Quyulib qolar...”, deya qilmishi xaspo‘shlanadi, kechiriladi.

“Huquq” gazetasining yozishicha, biri 1994 yilda, ikkinchisi esa 1995 yilda tug‘ilgan aka-uka Sardor (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) va Sarvar Alimatovlar ham yoshliklariga borishdi, tomirlarida ko‘pirib oqayotgan qonni jilovlab ololmay, oxir-oqibat sudning qora kursisiga o‘tirishga majbur bo‘lishdi. Aslida ular bilan bo‘lib o‘tgan holat jahllari chiqishiga arzimaydi ham.

Hammasi telefon qo‘ng‘irog‘idan boshlandi. Bir qiz bilan tanishib qolgan Sardor vaqtincha uning telefon raqamini ishlatib yurgan edi. Nima bo‘ldi-yu, bir kuni notanish yigit qo‘ng‘iroq qilib, bir qizni so‘radi. Sardor unga yanglishib tushganini aytsa ham qizni topib berishni talab qiladi. Bundan Sardorning jahli chiqib, qattiqroq gapirib yuborgan edi, shunga yarasha javob oldi. Ko‘p o‘tmay yana qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Bu safar telefonni Sardorning ukasi Sarvar oldi. Yana o‘sha savol-javob, yana telefon orqali bir-birini haqoratlash boshlandi-yu, notanish yigit telefonini o‘chirib qo‘ydi. Jahl otiga mingan Sarvar bu voqeani akasiga yetkazdi. Akasi ham uni tinchlantirish o‘rniga, notanish yigit bilan erkakchasiga gaplashib olishga qaror qildi. Shu sababli o‘sha raqamni terib, uchrashishni talab qildi. Ammo yigit telefonini o‘chirib qo‘ydi. Sardor ham telefon qilishdan charchamadi. Oxiri bir hiyla o‘ylab topdi. Tanish bir qizga uning raqamini berdi va qo‘ng‘iroq qilib, uchrashuvga chaqirib berishni iltimos qildi.

Aka-uka har ehtimolga qarshi uchrashuv joyiga yana bir tanishlarini ham qo‘shib, boshlab borishdi. Hech narsadan xabari yo‘q, begona qizning shirin gaplariga uchib, uchrashuvga kelgan yigit, oldidan chiqqan uchovlonni ko‘rib, avvaliga hayron bo‘ldi. Ular kim ekanligini bilgach esa, bo‘sh kelmadi. Mushtlashuv boshlandi. Natijada notanish yigit pichoqlanib, kasalxonaga tushdi. Aka-ukalar esa panjara ortiga ravona bo‘lishdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligini, shuningdek, sudlanuvchilarga nisbatan da'vosi yo‘qligini, o‘zaro yarashib olishganligini, sudlanuvchilar ham qilmishlaridan pushaymon ekanliklarini e'tiborga olib, aka-uka Sardor va Sarvar Alimatovlarga har oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga undirib borish sharti bilan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi. 

Mavzuga oid
Top