11:34 / 30.11.2017
11815

«Har o‘ninchisi». Soxta dorilarning jahon bozori haqida ma'lumot berildi

Foto: Fotolia

BMTning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) yuz minglab odamlarning o‘limiga olib kelishi mumkin bo‘lgan soxta dori-darmon preparatlarini ishlab chiqarish va tarqatish bo‘yicha hisobotni e'lon qildi. JSST ekspertlari bu nolegal bozorning jahon hajmini 30 milliard dollarga baholashdi, deb yozmoqda «Kommersant'» gazetasi.

Eng ko‘p soxta dori vositalari rivojlanayotgan davlatlarda – asosan Afrikada uchraydi. Soxtalashtirish uchun eng ommabop preparatlar esa antibiotiklar, analgetiklar va bezgakka qarshi dorilardir.

JSST seshanba kuni yangi tadqiqotni taqdim etdi, u soxta dori-darmon preparatlari muammosiga bag‘ishlangan. Tashkilot ekspertlarining ta'kidlashicha, o‘rta va past daromadga ega rivojlanayotgan davlatlardagi har o‘ninchi dori vositasi soxta sanaladi. JSSTdan ta'kidlanishicha, bunday dorilarni qabul qiluvchi insonlar nafaqat o‘z pullarini yo‘qotadi, balki sog‘lig‘i va hayotini ham jiddiy xavf ostiga qo‘yadi. «Sifatsiz va soxta dorilar jamiyatning eng himoyalanmagan qatlamiga zarba bo‘lib tushadi, - deya ma'lum qildi JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesus. – Tasavvur qiling, agarda ona ovqat va boshqa asosiy mahsulotlardan o‘z farzandining davolanishiga pul to‘lash maqsadida voz kechsa, hamda dori tegishli normativga mos emasligi yoki shunchaki soxta ekanini bilmasa – axir bu bolaning o‘limiga ham olib kelishi mumkin. Mamlakatlar jahon darajasida bu muammoga qarshi kurash olib borish choralari to‘g‘risida kelishib olishdi – endi ushbu kelishuvlarni haqiqiy harakatlarga o‘tkazish kerak».

Hisobotda ta'kidlanishicha, 2013 yildan beri JSST sifatsiz yoki soxta dorilar haqida taxminan 1,5 mingta xabar olgan. Antibiotiklar, og‘riq qoldiruvchi va bezgakka qarshi preparatlar eng ko‘p soxtalashtiriladi.

Soxta dorilar haqidagi eng ko‘p xabarlar esa Afrikadan (42 foiz) kelgan, ikkinchi o‘rinda Amerika qit'asi (21 foiz), Yevropadan ham xuddi shuncha murojaat yuborilgan.

JSSTning aniqlik kiritishicha, 2013 yilga qadar jahon darajasida soxta preparatlar bilan bog‘liq vaziyatni muntazam ravishda kuzatib borish imkonini beruvchi tizim bo‘lmagan, biroq JSST tomonidan tegishli monitoring, nazorat hamda hisobot mexanizmi yaratilgach, ko‘plab davlatlar unda faol ishtirok eta boshladi. 141 davlatdan bo‘lgan tartibga solish idoralarining taxminan 550 nafar xodimi JSST tomonidan maxsus o‘qitildi.

 

Top