18:10 / 30.11.2017
37467

Boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionlari nomi ma'lum bo‘ldi

Surxondaryo viloyati 23-30 noyabr kunlari boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi mamlakat chempionatiga mezbonlik qildi. Qiziqarli va murosasiz janglar natijasiga ko‘ra, 10 vazn toifasida terma jamoaga munosib nomzodlar nomi ma'lum bo‘ldi.  

Aytish kerakki, O‘zbekiston boks federatsiyasi mutasaddilari bu safargi chempionatni o‘zgacha tarzda tashkil etishdi. Avvallari har bir vaznda viloyatlardan faqat bir nafar charm qo‘l qop ustasi chempionlik uchun ringga ko‘tarilgan bo‘lsa, bu safar necha nafar sportchi bo‘lishidan qat'iy nazar musobaqada ishtirok etish huquqi berildi. 

Bir haftadan ortiq vaqt mobaynida o‘tish janglarida o‘z so‘zlarini aytgan bokschilar hal qiluvchi janglarda respublika chempionligi uchun bor imkoniyatlardan unumli foydalanishga harakat qilishdi. 

Shunday qilib, 49 kg vaznda Toshkent viloyati jamoasi a'zosi Xudoynazar Fayzov buxorolik Mironshoh Ibragimov bilan to‘qnash keldi. Uch raund davomida ikki bokschi ham bir-biriga imkoniyat bermaslikka harakat qildi. Janglar deyarli teng kurashlar ostida kechdi, yakunda Fayziyev oltin medal sohibi bo‘ldi. 

52 kg vaznda andijonlik Hasanboy Latipoxunov Farg‘ona jamoasi sharafini himoya qilayotgan Abdullo Qo‘chqorov bilan bosh sovrin uchun bahs olib bordi. Jang Qo‘chqorovning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. 

56 kg vazn toifasida Rio olimpiadasi oltin medali sohibi buxorolik  Shahobiddin Zoirov va poytaxtlik Abdulhay Shorahmatov to‘qnash keldi. Abdulhay raqibiga munosib qarshilik ko‘rsatishga intilgan bo‘lsa-da, tajriba borasida ancha mahoratga ega bo‘lgan Shahobiddin Zoirov 5:0 hisobida raqibini mag‘lub etdi. 

60 kg vaznda Toshkent viloyati vakili Shunqor Abdurasulov Buxoro jamoasi a'zosi Shukurjon Rahimov bilan uchrashdi. Yakunda Shunqor Abdurasulov terma jamoaning birinchi raqamli sportchilari qatoriga o‘z nomini yozdirib qo‘ydi.  

69 kg vaznda mezbon bokschi Mahmud G‘oipov va jizzaxlik Bobousmon Boturov o‘rtasidagi jang kutilganidek murosasiz kechdi hamda G‘oipov uch raund natijasiga ko‘ra 4:1 hisobida g‘alaba qozondi. 

75 kg.da surxondaryolik Akmurad G‘afforov Samarqand jamoasi a'zosi, yosh bokschi Fanat Qahramonovga qarshi bahsga kirishdi. Dastlabki raunddayoq tashabbusni o‘z qo‘liga olgan G‘afforov yakunda mamlakat chempioni bo‘ldi. 

81 kg.da Kozimbek Mardonov va Madiyor Saidrahimov ringga ko‘tarildi. Bu uchrashuvda Kozimbek Mardonovning qo‘li baland keldi. 

91 kg.gacha bo‘lgan vazndagi finalda poytaxtlik Hasan Baratov va Buxoro jamoasi a'zosi Sardor Yormuhammedov o‘zaro kuch sinashdi. Bu vaznda Sardor Yormuhammedov 5:0 hisobida g‘alabaga erishdi. 

Boks bo‘yicha mamlakat chempionati final bellashuvlarining oxirgi uchrashuvi 91 kg.dan og‘ir vazn toifadagi sportchilar bahsi bilan yakunlandi. Unda farg‘onalik Lazizbek Mullajonov Xorazm jamoasi a'zosi Mirzobek Hasanovga qarshi ringga ko‘tarildi. Yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan Lazizbek endi asosiy tarkibda xalqaro musobaqalarda ishtirok etadigan bo‘ldi.

Top