09:51 / 30.11.2017
20441

Qozog‘iston yoshlarining necha foizi davlatdan ko‘chib ketishni xohlayotgani aniqlandi

Qozog‘iston yoshlarining 40,4 foizi boshqa mamlakatlarga ko‘chib ketishni istaydi. Bu haqda Ostona shahrida «Qozog‘iston yoshlari - 2017» hisoboti uchun tadqiqot o‘tkazgan «Yoshlar» ilmiy-tadqiqot markazi vakillari ma'lum qilishdi.

Din ishlari va fuqarolik jamiyati vazirligiga tegishli markaz xodimlarining xabar berishicha, respondentlarning 59 foizdan ortig‘i - «Men ko‘chib ketishni xohlamayman/Men Qozog‘istondan ketishni istamayman» deb javob qaytargan.

«Yoshlar» markazi ma'lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonning turli mintaqalarida istiqomat qiluvchi 14-29 yoshlar oralig‘idagi ikki mingdan ortiq insonni qamrab olgan tadqiqot Ta'lim va ilm-fan vazirligi buyurtmasiga muvofiq o‘tkazilgan. Markaz ushbu tadqiqotga qancha mablag‘ sarflanganini aytmagan, biroq «Yoshlar» ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati uchun har yili 200 million tenge ajratilishini xabar berdi.

«Yoshlar» ilmiy-tadqiqot markazi bosh eksperti Farida Mustoyevaning hisobotni taqdim etish chog‘ida aytishicha, mamlakatda yoshlar soni ancha qisqargan va ayni damda 3 million 994 ming 464 nafarni tashkil etadi.

Taqdimot davomida «afsuski» so‘zi ko‘p bora qo‘llangani aytilmoqda. 2017 yilda yoshlar o‘rtasida 339 marta o‘z joniga qasd qilish holati qayd etilgan.

Top