11:20 / 01.12.2017
13671

Argentinaning yo‘qolgan suv osti kemasi ekipajini qutqarish operatsiyasi to‘xtatildi

Foto: AP

Argentina 15 noyabrda yo‘qolgan “San-Xuan” suv osti kemasi ekipajining 44 a'zosini qutqarish operatsiyasini to‘xtatdi. Bu haqda Argentina harbiy-dengiz kuchlari rasmiy vakili Enrike Balbi ma'lum qildi. 

Balbi internetda namoyish qilingan matbuot anjumanda dengizchilarni qidirish vaqti imkoni boridan 2 marta ko‘proq davom etgani, biroq na suv osti kemasi, na odamlarning biror-bir izi topilganini aytgan. 

“Amalga oshirilgan barcha sa'y-harakatlarga qaramasdan, kema topilmadi. Qutqarilganlar bo‘lmaydi”, deb aytgan Balbi.

Uning aytishicha, qutqaruv operatsiyasi to‘xtatilgani sabab uni izlash bilan shug‘ullangan 3 ta kema Komodoro-Rivadaviyadagi bazaga qaytarilgan. Biroq suv osti kemasini izlash ishlari davom ettiriladi. Jumladan, kema qidirilayotgan hududga “Malvin orollari” kemasi yordamida Rossiyaning “Pantera Plyus” chuqur suv osti qurilmasi yetkaziladi.

Suv osti kemasi 15 noyabrda aloqaga chiqmay qo‘ygandi. Aloqaning oxirgi seansida dengizchilar avariya haqida ma'lum qilishgan. Suv osti kemasida 44 kishi, jumladan tarixdagi argentinalik birinchi ayol suvosti dengizchisi Eliana Mariya Kravchik bo‘lgan. Avvalroq Argentina harbiy-dengiz kuchlari suv osti kemasining yo‘qolishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan yakka portlash yuz berganini ma'lum qilishgan. 

Mavzuga oid
Top