09:56 / 02.12.2017
12844

Ko‘zi ojiz muallimning saboqlari: «​Eng muhimi - ishonch»​

Foto: Kun.uz

1 dekabr kuni Toshkentdagi «​Ilhom»​ teatrida UNICEF tomonidan «Aktivatsiya» (Faollashtirish) tadbiri tashkil etildi. Tadbirda nogiron bo‘lishiga qaramay, hayotda o‘z o‘rnini topib, muvaffaqiyatga erishayotgan insonlar o‘z kechmish va tajribalarini atrofdagilar bilan bo‘lishdi. 

Ma'ruzachilarning har biri o‘z hikoyasi, hayot yo‘li va boshdan kechirgan qiyinchiliklari bilan o‘rtoqlashdi. Ular orasida birinchi bo‘lib so‘zga chiqqan ko‘zi ojiz Abdulla Abduxalilovning hayot yo‘li barchaga saboq bo‘la oladi: 

«​Bugun sizlarga hayotimda juda katta ahamiyat kasb etgan oddiy so‘zlar haqida hikoya qilmoqchiman. Men boshlang‘ich sinfda o‘qiganimda eng «​ikkichi»​ o‘quvchi bo‘lganman. Tengdoshlarim bemalol, xatosiz o‘qish-yozishni bilishganida, men o‘qishni 3-sinfda o‘rgandim. Shu vaqtda, ko‘pchilik o‘qishni to‘xtatishni maslahat bergan edi. Ba'zilar esa «​Kelinglar, bu bolaga darslarni tingladi»​ degan guvohnoma beramiz»​ degan fikrni bildirishgan. Hozirda hech kim mening nufuzli oliygohlarning birida katta o‘qituvchi ekanligimga ishonmasa kerak»​. 

Qahramonimiz: Abdulla Abduxalilov – O‘zbekiston Milliy universitetining ijtimoiy fanlar fakulteti katta o‘qituvchisi. Yoshligida Ko‘zi ojizlar maktabida tahsil olgan. U film tomosha qilishni, falsafa mavzularida suhbatlashishni yaxshi ko‘radi. Shuningdek, u ajoyib raqsga ham tushadi. 

Foto: Abdulla Abduxalilov/Kun.uz

«​Menga o‘sha vaqtlarda ikki inson chin ko‘ngildan ishondi: mening otam va onam! Maktabda menga hujjatni berib, darslardan chetlatish masalasi ko‘tarilganda, onajonim (Mastura aya) «​O‘g‘lim shu maktabda oltin medalni qo‘lga kiritadi, mana ko‘rasizlar»​, deb aytganlar. Tabiiyki, hamma bu gapdan kulib yuborgan edi. Qanday qilib, o‘qish, yozishni 3-sinfda arang uddalay olayotgan bola oltin medalni olishi mumkin? Ha, ular albatta, mantiqan fikrlash bo‘yicha haq edilar. 

Men maktabni bitirdim, ammo oltin medal bilan emas.  Biroq, universitetga kirgach, o‘qishimda ijobiy o‘zgarishlar boshlandi. To‘rtinchi bosqichga o‘tganimda esa oltin medal sohibiga aylandim»​, deya qayd etdi Abdulla Abduxalilov o‘z nutqida. 

Qarangki, imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay, Abdulla Abduxalilov tanlagan sohasining mutaxassisiga aylana oldi, tengqurlari qatori bilim olib, bir vaqtlar onasining bildirgan ishonchini haqiqatga aylantirdi. 

«​Sovrinni olib, uyga qaytganimda onamga «​Oltin medal esingizdami? Mana sizga maktabning emas, universitetning oltin medali»​, deya sovg‘ani berdim. Onam esa juda oddiy, biroq inson uchun muhim, ta'sirli bo‘lgan so‘zlar bilan shunday javob qaytardilar: «​Men senga ishongan edim. Eng muhimi, senga ishonishda davom etaman!»​, deydi u. 

Qahramonimiz so‘zining yakunida nogiron farzandi bor ota-onalar, ular bilan ishlaydigan insonlar uchun eng muhimi – ishonch ekanligini qayd etib o‘tdi. 

«​O‘z chiqishimni taniqli Xelen Kellerning hikmatli iborasi bilan yakunlamoqchiman: Biz ko‘p hollarda qarshimizda yopilayotgan eshiklarga boqamiz, biroq o‘sha vaqtda ochilgan eshiklarni kamdan-kam hollarda anglaymiz»​.

Feruza Avazova, Kun.uz muxbiri

Top