11:24 / 04.12.2017
13365

100 kunlik xulosalari. Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari bilan intervyu

Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi hamda Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazini birlashtirish yo‘li bilan ularning negizida Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi qayta tashkil etilgandi. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 28 iyuldagi «Ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida»gi qarorida shu haqda so‘z boradi.

Shu kunlarda markaz faoliyatiga 100 kun to‘ldi va uning rejalari bilan yaqindan tanishish uchun Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Alisher Qodirov bilan suhbat uyushtirildi. Uning aytishicha, ish faoliyatida samaradorlikni oshirish uchun avvalo, ahil jamoa va xodimlar rahbar qo‘l ostida jamlangan.

Foto: Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Alisher Qodirov/Kun.uz

«Biz avvalgi uslub singari joylarga borib, masalalarni muhokama etish, targ‘ibot qilib, tushuntirishlar berish yetarli emasligini belgilab oldik. Endilikda hududiy yondashgan holda, bevosita mahallalarga kirib, uyma-uy yurib, aholining muammo va kamchiliklarini o‘rganish hamda ilmiy asoslangan yechimlarni taklif etish - oldimizga qo‘yilgan katta vazifa», deydi rahbar.

Alisher Qodirovning ta'kidlashicha, «​butunlay boshqa muammo bilan yashayotgan aholi oldiga borib, boshqa masalani targ‘ib etib masalaning yechimiga erishdim, deb aytib bo‘lmaydi»​.

«Ayrim viloyat, hudud va mahallalarning o‘ziga xos taraflari borki, aynan shu omil masalaga boshqa ko‘z va tomondan yondashuvni talab etadi. Bugungi kunda ma'naviyatga bo‘lgan tahdid o‘zgardi», deya qo‘shimcha qilgan u.

Alisher Qodirov bir vaqtning o‘zida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a'zosi hisoblanadi. Turkiyaning Egey universiteti bitiruvchisi bo‘lmish Qodirovning fikricha, dastlabki tahlillar ma'naviyat va ma'rifat iqlimini yaxshilash uchun ikki omilga e'tibor qaratish lozimligini ko‘rsatmoqda.

«​Sinfxonadagi partaning siniqligi, xaritaning yo‘qligi o‘qituvchining ishi emas, balki u ta'lim va mehr berish bilan band bo‘lsin. Xuddi shuningdek, ota-ona bolasiga vaqt ajrata olmayapti. Ayniqsa ona ishlaydigan bo‘lsa, bola o‘z bilganicha kun kechirishni boshlaydi. Bu bilan yosh ona ishlamasinmi? Aslo, ishlayversin, ammo qonunchilikda shunday bir narsani nazardan qochirmaslik kerakki, ona bolasining maktabda nima bilan mashg‘ul ekani, uning qo‘shimcha vaqtda qanday dars tayyorlashiga vaqt ajratishga imkon topsin.

Foto: Kun.uz

Qolaversa, 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ayrim holatda to‘yib ovqatlanmasligi, kelgusida uning xarakterida jizzakilik, jahldorlikni keltirib chiqaradi. Maktablarda sifatli va to‘g‘ri ovqatlanish uchun imkoniyat bor, ammo buning o‘zi yetmaydi»​, deb fikr bildirgan u.

Suhbatning to‘liq shaklini quyidagi havola orqali ko‘rishingiz mumkin.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

 

Top