23:14 / 04.12.2017
50872

Momiqchini qiynayotgan olti muammo: shahar posyolkasi aholisi shaharchaga xos sharoitlar istaydi

Navoiy viloyati Konimex tumani Momiqchi shaharchasi «To‘qqiztepa» MFYdan KUN.UZ tahririyatiga murojaatnoma kelib tushdi. 19 kishi tomonidan imzolangan shikoyatning qisqacha mazmuni shunday:

Qishloq Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 13 martdagi №68-qarori bilan shahar posyolkasi toifasiga kiritilgan. Buni esa shaharcha ahli faqat oradan besh yil o‘tib, 2015 yil oktbyar oyida yer va mol-mulk solig‘i shaharchalar uchun belgilangan, orttirilgan stavkada to‘lashlari kerakligi, boz ustiga to‘laganlar o‘tgan 6 yillik davr uchun farqni ham to‘lab berishlari kerakligida bilishgan.

Biroq, turli millat va elat vakillari istiqomat qiluvchi, 90 ta xo‘jalikdan iborat shaharcha tipidagi ushbu aholi punktida shaharchalarga xos bo‘lgan sharoit yetarli emas. Chunonchi, ko‘chalar to‘liq asfalt qilinmagan, uylarga vodoprovod tarmog‘i tortilgani bilan, ichimlik suvini hanuz sotib olib iste'mol qilishayotganini bayon etishgan.

KUN.UZ tahririyatining topshirig‘i bilan Momiqchi shaharchasiga yo‘l oldim. Maqola avvalida ogohlantirib qo‘yishim kerak, tahririyatimizga murojaat qilgan fuqarolarning ism-familiyasini bermaslikka qaror qildik. Chunki, KUN.UZ muxbirlari murojaatlar bo‘yicha yetib borib, xalqning muammosi va tashvishlarini yoritgan joylarda ayrim zo‘ravon rahbarlar muammoni hal qilish choralarini izlash o‘rniga, «tumanimni butun dunyoga sharmanda qildinglar», deb xat yozganlarga zug‘um o‘tkazayotganiga ham guvoh bo‘layapmiz.

Shaharchaga yetib borib, dastlab mahalla fuqarolari yig‘iniga kirdim. Lekin u yerda biror kishini uchratmadim. Mahalla binosi ortida uchastka noziri uchun uy qurilayotgan ekan, u yerda ishlayotgan ustalar bu yerlik emasliklarini bildirishdi, xolos. Shaharcha markaziga kelib, xatda ism-familiyasi bor insonlardan birini izlab topdim va yozilgan murojaat bo‘yicha kelganimni bildirdim. Birpasda atrofimda tumonat aholi to‘plandi.

«Ichishga va sug‘orishga yaroqli suvimiz yo‘q»

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan qishlog‘imiz shahar posyolkasi toifasiga kiritilgani bilan, shaharchaga xos oddiy sharoitlar yo‘q. Masalan, ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida shaharchaning bir qismiga 5 yil muqaddam vodoprovod tarmog‘i montaj qilib chiqilgan, biroq u ikki kilometr naridagi qishloqda to‘xtab qolgan ichimlik suv tarmog‘iga ulanmagan.

«Shu shaharchamiz ichimlik suvi bilan ta'minlandi, deb tumanimiz mutasaddilari «Assalom, O‘zbekiston!» ko‘rsatuvida maqtanishdi. Amalda esa suv 5 yildan buyon ulangani yo‘q», deydi qishloq nuroniylaridan biri.

Hozir aholiga suv haftasiga bir marta (har payshanba) 20 tonnalik yuk mashinasida (vodovozda) keltirib sotiladi. Bildirishlaricha, ichimlik suvining bir flyagasi (40 litr) ni 400 so‘mdan xarid qilishmoqda.

«Tumanda hokimlar tez-tez almashadi. Bittasi «bu yili qilib beraman», deb va'da berib bo‘shab ketadi. Keyingisi keladi. Unisi ham keyingi yilga va'da beradi».

Qishloq aholisining ekin maydonlarini sug‘orish uchun ham sifatli suvi yo‘q. Aholi vakillarining bildirishlaricha, ilgari Navbahor tumani orqali Zarafshon daryosidan yaroqli suv shu hududlargacha kelib turgan. «Burung‘i hokimga yoza-yoza zaxkash qazdirdik. 2-3 yildirki, sug‘orish uchun tumandagi dalalarda zaxkash suvlardan foydalanilmoqda. O‘zi yer sho‘r, zaxkashdan kelayotgan sizot suvlar ham sho‘r», deyishdi ular. Oqibatda, shaharcha ahlining ko‘p yildan buyon unib-o‘sib kelayotgan daraxtlari qurib qolgan. Ularning kesib, o‘tinlikka ishlatishdan boshqa chora qolmagan.

«Yerimiz sho‘r. Yer osti suvlari sathi ham ko‘tarilib ketdi negadir. Qachonki daraxt ulg‘ayib o‘sha suvga ildizi yetib borsa — albatta quriydi. Bu tuproqda o‘simliklardan makkajo‘xori va beda, daraxtlardan jiydadan boshqa daraxt ko‘karmayapti», deyishdi ular.

Tomorqa xo‘jaliklarida sabzavot yetishtirish uchun ham imkoniyat yo‘q. Yer va suvning sho‘rligidan yer deyarli hosil bermaydi. «Sektor rahbarlari tomorqalardagi bedalarni buzib, dehqonchilik qilish talabini qo‘yishdi. Shu kollektordagi zaxkash suvdan sug‘oramiz. Qayoqda ko‘karsin?!»

«Bultur 8 sotixga pomidor va kartoshka ekdim. Gulga kirgan vaqtda qurib ketdi. Navoiyga borib vetdorixonadan dori so‘radim. Birortasi kor qilgani yo‘q. Xullas, og‘zim qizarib pomidor yeganim yo‘q», deydi mahalliy mirishkorlardan biri.

«Bir paytlar Zarafshon daryosining chuchuk suvi bizgacha yetib kelib, ariqlarimizdan chuchuk suv oqardi. Qishloq o‘rtasida hovuz barpo etib, sug‘orishga, hattoki ichishga ham shu suvdan foydalanardik. Hozir bu yerda to‘planayotgan suv hech narsaga yaroqsiz», dedi shaharchada istiqomat qilayotgan keksalardan biri.

«Nahotki 2 km narida to‘xtab qolgan ichimlik suviga bizni ulab qo‘yish uchun 5 yil vaqt kamlik qilsa?» — deb savol berishdi momiqchiliklar.

Tabiiy gaz va elektr energiyasi

Shaharchada tabiiy gaz tarmog‘i bilan ta'minlangan, biroq aholining aytishicha, gaz ta'minoti bilan bog‘liq muammolar ham ularni qiynab kelmoqda. «Hozir siz kelishingizdan uch kun avval gaz berilmoqda. Chunki kunlar biroz isidi. Kunlar sovib ketsa — gaz bosimi keskin kamayib ketadi».

Boz ustiga, shaharcha aholisini gaz tarmog‘idan uzishlari, ballonlarda suyultirilgan gaz bilan ta'minlanishi haqida ogohlantirib ketishgan. Qishki mavsumda isitish uchun ko‘mir bilan ta'minlanishlarini bildirib ketishgan. «Qo‘shni Sho‘rko‘l qishlog‘i tomonlarni gazdan uzishdi. Ular ko‘mir bilan ta'minlashdan mudom shikoyat qilib yurishadi. Agar bizni ham tabiiy gazdan uzishsa, muammolarimiz yana bittaga ko‘padi, deb qo‘rqib turibmiz», deyishdi momiqchiliklar.

Elektr energiyasi ta'minoti borasida aholining shikoyati yo‘q.

Chala asfalt, maktab tomon eltuvchi chang ko‘chalar

Qishloq ahlini qiynayotgan muammolardan yana biri, ko‘chalarning asfaltlanmaganidir. O‘zbek tilida ta'lim beruvchi 19-maktabga eltuvchi ko‘chalardan farzandlarimiz yozda tuproq, qishda loy kechib qatnashadi. «1200 metr asfalt qilinishi lozim edi. Yoza-yoza, o‘tgan yili 530 metr joy asfalt qilinishiga erishdik. Chala qilib ketishdi. Shugina asfaltning sifatidan ham qoniqish hosil qilish qiyin. Chunki kelgusi yilgacha bu asfaltning saqlanib turishiga aslo kafolat yo‘q», deyishdi ular.

Qozoq tilida ta'lim oluvchi o‘quvchilar narigi qishloqdagi qozoq tilida ta'lim berishga ixtisoslashgan 12-maktabga qatnashar ekan. Ular maktab tomon yo‘l olishib, yo‘lni qisqartirish maqsadida temiryo‘lni kesib o‘tishga majbur bo‘lishadi. Dam badam temiryo‘l liniya militsiyasi o‘quvchilarni ushlab, ularning ota-onasiga jarima solishayotganini ham shaharcha ahli muammo o‘laroq bildirib o‘tishdi.

Maktabga o‘yinqaroq bolalar uchun serqatnov asfalt yo‘l bo‘ylab borib-kelish, albatta, xavfli. «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJdagi mutasaddilar yosh bolalarni temir yo‘ldan o‘tishi uchun piyodalar o‘tish yo‘lkasi qurib berisharmikin, degan ilinji bor momiqchiliklarning.

Ishsizlik muammosi

Momiqchi ahlining qiynayotgan muammolardan yana biri — yoshlarning ishsizlik muammosidir. «Tumanda turli tuman kichik va qo‘shma korxonalar ochildi. Bolalar ishga jalb qilindi. Lekin 6 oyga bormasdan hammasi kasod bo‘lib yopilib ketdi», deydi mahalla faollaridan biri.

«Biror joyga ish so‘rab kirishning o‘zi bo‘lmaydi. Yozuv-chizuv bilan ishga joylashsak ham oy o‘tmasdan qisqartirish keldi, deb shtatni qisqartirib yuborishadi. Bir vaqtlar bu tuman chorvachilikka asoslangan edi. Bir yarim million qorako‘l zotli qo‘ylar yetishtirilardi. Hozir 153 ming qopti shu qo‘ylar», deydi yana o‘sha kishi.

«Mana shu yerda ham chorvachilikka ixtisoslashgan bo‘rdoqichilik kompleksi bo‘lar edi. Germaniya loyihasi asosida barpo etilgan edi. 12 ming bo‘rdoqi qoramol boqilardi. Qishloq aholisining aksariyati o‘sha yerda mehnat qilishardi. Temir yo‘l stansiyasida ishlar edik. Ko‘mir, yem tushirardik. Hozir, esa bu korxonalar vayron bo‘lib, bitib, tugab ketgan. Shu chorvachilik fermasiga G‘ijduvondan mollarni sug‘orish uchun chuchuk suv quvuri tortilib kelingan edi. Hattoki o‘sha quvurlargacha kovlab, sotib yuborishdi. Eng qizig‘i, shu fermani asfaltigacha sotib yeganlarning birortasi ham «urilgani» yo‘q, hammasi «yuqoriga» ko‘tarildi. Qozog‘istonga ketgani — Qozog‘istonda, O‘zbekistonda qolgani — O‘zbekistonda. Bu yerda esa xalq ishsiz qoldi», deydi nuroniy otaxonlardan biri.

Ekologiyadan yozg‘irishdi

«Tumanimiz Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani bilan chegaradosh. Yer osti tabiiy boyliklarini, ma'danlarni qazib olishda turli kislotalar ishlatiladi. Kislota ortilgan poyezd sostavlari shu yerdan olib o‘tiladi. Navoiy kon metallurgiya kombinatining almashinuv bazasi bor. Zaharli moddalar shu yerda quyiladi. Yoz faslida nafasni bo‘g‘adigan qo‘lansa sariq tutun hosil bo‘ladi. G‘ijduvon uzoq — bor zarari bizga, lekin NKMK hech qanday koeffitsiyent kompensatsiya to‘lamaydi — 2012 yilda olib tashlashgan. 45 km naridagi Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumaniga esa to‘lanadi. Mutasaddilar bu borada ham bizga yordam qilishlarini so‘rar edik».

* * *

Mo‘'jaz bir shaharcha aholisini qiynayotgan muammolar mana shulardan iborat. Albatta, biz mutasaddilar aholini tashvishga solayotgan muammolarga e'tibor qaratishadi va Momiqchi aholisiga yordam qo‘lini cho‘zadi, degan umiddamiz. Biz ushbu mavzuga yana qaytamiz.

Shuhrat Shokirjonov,

KUN.UZ maxsus muxbiri.

Mavzuga oid
Top