Kimlarnidir davolagan shifokor ayolning o'zi yaxshilar yordamiga muhtoj bo'lib qoldi. 

Hayotda har kimning o'z orzusi, oliyjanob maqsadlari bo'lib, hamma shunga harakat qilib, intilib yashaydi. Oramizda saxovatpesha, birovlarning og'irini yengil qilishni o'zlari uchun oliy maqsad qilganlarning ko'pchiligi esa kishini quvontiradi. Aslida KUN.UZ tahririyatining xayriya aksiyalarini o'tkazishidan ko'zlagan xolis niyati ham shuki, zora biz sabab bo'lib, biror bemor yurtdoshimiz yaqini shifo topsa, mungli ko'zlari quvonsa. 

Albatta, istiqomat qilayotganimiz bu o'tkinchi dunyoda Yaratgan har kimga u ko'tara oladigan darajada sinov beradi. Kimnidir yordam bera oladigan qilib qo'ysa, kimnidir o'sha yordamga muhtoj qilib qo'yadi. Taqdir charxpalagi shundayki, o'sha yordamga muhtoj bo'luvchilar orasida bo'lmaslik hech birimizga kafolatlanmagan. 

Qismatni qarangki, bir vaqtlar bolalar shifokori bo'lib ishlagan, ikki nafar voyaga yetayotgan farzand onasi Gulnora opa, endilikda, shifokorlar qo'liga qarab qoldi. Qisqa vaqt ichida birinchi guruh nogironiga aylandi. Buning sababi uning tos suyagi va qaddini tik tutib, uzog'ini yaqin qiladigan oyoqlarining jiddiy kasallikka chalingani bo'ldi. 

Tahririyatimizga qilingan murojaatdan so'ng, guruhimiz Toshkent shahar Olmazor tumani 1-Fayzibaland tor ko'chasi 51-b uyda istiqomat qiluvchi Haydarova Gulnora opa xonadonida bo'lib, uning dardiga quloq tutdik. 

Ma`lum bo'lishicha, Gulnora opa bolalar shifokori bo'lib bir necha yillar faoliyat yuritgan. So'nggi ikki yillar mobaynida dardi kuchayib, hozirda yura olmay qolgan. Bunga: umurtqa pog'onasi bel-dumg'aza sohasining ildizcha og'riqli sindrom bilan  osteoxondrozi, osteoartroz, poliartroz, Disk proturiziyalari, 2 tomonlama 3-darajali koksartroz tashxisi sababdir. 

Gulnora opaning so'zlariga ko'ra, u Respublika Ortopediya va travmatologiya institutida, Nogironligi bor shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazida ham davolangan. Biroq kasallikning kuchli ko'rinishi bo'lgani sababli tos sohasidagi og'riqlar kuchayib, son suyagining tos suyagiga ulangan qismi yemirilishi natijasida yura olmay qolgan. 

Bugungi tibbiyot texnologiyalari rivojlangan davrda esa, bu kasallikni davolash usullari mavjud. Buning uchun Gulnora opa Toshkentning o'zida jarrohlik amaliyotini o'tkazib, unga endoprotez qo'yilsa, oyoqqa turishi, voyaga yetmagan ikki nafar o'g'lining orzu-havasini ko'ra olishi mumkin. Ammo, buning uchun Gulnora opa va Alisher akaning qo'li qisqalik qilmoqda. Ayni vaqtda Gulnora opaning turmush o'rtoqlari Alisher aka ham nafaqada. Ikkalasi 1,5 mln so'm atrofida pensiya olishadi. 

KUN.UZ muxbiri bu dardga shifo topish mumkinligini aniqlash maqsadida Nogironligi bor shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazida bo'lib, protezlash bo'limi boshlig'i, tibbiyot fanlari doktori Umarali Xanapiyayev bilan uchrashdi. Uning ma`lum qilishicha, hozirda ushbu markazga yuqoridagi tashxis bilan juda ko'plab bemorlar murojaat qilmoqda. Ularga xorijiy mamlakatlarda ishlab chiqilgan endoprotezlar muvaffaqiyatli ravishda jarrohlik amaliyoti orqali qo'yilmoqda. Xanapiyayevning bildirishicha, endoprotezlarning turli mamlakatda ishlab chiqarilgani va shunga binoan turli qiymatdagisi bor. 

Ikkita endoprotez qo'yish uchun Gulnora opaga 45 mln so'm atrofida mablag' talab etiladi. Bu pulni topish uchun mazkur oila yemay-ichmay 30 oy nafaqasini yig'ishi lozim. Kishiga bir narsa taskin beradiki, ular xayr-saxovat, ehsonni xush ko'ruvchi, chin-dilidan birovga bildirmay yordam beruvchi saxovatpesha insonlar yurtida istiqomat qilishadi. Albatta, balki Gulnora opa oyoqqa turgandan keyin ham bu pullarni qaytara olmas, ammo ehson qo'lini cho'zganlarning xayrli amallarini hisobga oluvchi Zot borligi barchamizni shu ayol, ona, vatandoshimiz va avvalo dindoshimizga yordam berishga undasa, nur ustiga a`lo nur bo'lar edi.

Xayr-ehson qilishni istaganlar esa, Gulnora opaning turmush o'rtoqlari Alisher aka nomiga ochilgan quyidagi bank kartochkasiga pul o'tkazishlari mumkin bo'ladi. Keling, yaxshilar, imkon darajasida shu ayolga yordam qo'lini cho'zib, shifo topishiga ko'maklashaylik. Zora, biz bandasining og'irini yengil qilsak, kelishi shubhasiz bo'lgan Hisob kunida bizning mashaqqatimiz yengillashtirilsa!

Haydarov Alisher 

Click/Payme va boshqa pul o'tkazishlar uchun

Agrobank kartochkasi: 8600 0417 6795 8441

Telefon: +998 94 680 17 52, +998 90 359 98 15

Tas-IX

YouTube