Joriy yilning 1 dekabr kuni O'zbekiston musulmonlari idorasining «Haj haqida» fatvosi e`lon qilingandi. Fatvoda islom dinining beshinchi farzi hisoblangan Haj ziyorati to'g'risida so'z yuritilgan.

Din ishlari bo'yicha qo'mitaning Masjidlar bo'limi xodimi M.Yo'ldoshevning ta`kidlashicha, mahalliy va xorijiy internet saytlarida O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan chiqarilgan fatvo chop etilib, keng bahs-munozaralarga sabab bo'ldi, internet saytlarida ushbu masalaga fikr bildirilmoqda.

«​Ayrim saytlarda «O'zbekistonda haj safariga chiqishni istovchilar uchun talablar qattiqlashtirildi» ma`nosidagi sharh berilgan. Shuningdek, «endilikda Hajga borishni istaganlar... mahallada yoshlar diniy ta`limi bo'yicha ko'mak berishi lozim» – deb da`vo qilinmoqda”, deyiladi xabarda.

Ta`kidlash joizki, Fatvoda musulmonlarning hajga borishlari uchun hech qanday qo'shimcha «qattiq» choralar belgilanmagan. Qo'mita vakilining aytishicha, fatvoda qayd etilgan tavsiyalar hojilarning halollik va poklikda, ma`naviyat va ma`rifatda, savob ishlarda namuna bo'lishlariga qaratilgan bo'lib, ushbu tavsiyalar islom shariati talablari, qolaversa, o'zbek xalqining asrlar osha shakllangan milliy qadriyatlariga asoslanadi.

Shuningdek, Fatvoda haj safariga borish uchun talabgorlar yoshlarga «diniy ta`lim bo'yicha ko'mak berishi» emas, balki yoshlar tarbiyasida, ularning turli jinoyatlarga qo'l urmasliklari uchun jonkuyar bo'lishlari tavsiya qilingan.