5-6 dekabr kunlarida Yevropa Chempionlar ligasida guruh bosqichining oxirgi tur uchrashuvlari o'tkazildi va pley-offga chiqqan 16 jamoa nomi ma`lum bo'ldi. Oxirgi tur o'yinlaridan keyin «MYu», «Bazel», «Roma», «Chelsi», «Yuventus», «Liverpul», «Sevilya», «Portu» va «Shaxtyor» jamoalari keyingi bosqich masalasini hal qildi.

A guruhi. «Benfika»ning «yevrodahshati»
«MYu» 2-1 TsSKA, «Benfika» 0- 2 «Bazel»

O'tgan asrda Bela Guttmanning qarg'ishiga qolgan «Benfika» («Benfika»ni 1961 va 1962 yillarda Yevropa Chempionlari kubogi/Chempionlar Ligasi g'olibi qilgan vengriyalik mutaxassis keyingi yilda haydab yuboriladi. U o'shanda jamoaga keyingi 100 yilda biron marta xalqaro maydonda g'olib bo'la olmaslikni tilaydi. Shundan beri portugallar 8 marta finalda yutqazgan - 5 marta YeChK/YeChLda, 3 marta UYeFA Kubogi/Yevropa Ligasida) bu mavsumda parokandalikka uchradi. Jamoa 5 turdan keyin biron ochkosiz, to'plar nisbati 1-12 holatida edi. «Bazel»ga qarshi oxirgi tur o'yinida Portugaliya chempioni o'z muxlislari uchun o'ynashi talab etilardi. Ammo shveysarlarga g'alaba zarur edi va ikkita bo'limda bittadan gol urgan mehmonlar guruhda ikkinchi o'rinni egallagan holda keyingi bosqichga yo'l oldi. Mavsumlar oralig'ida Ederson, Lindelef, Semedu va Mitro'g'lining ketgani lissabonliklar o'yiniga jiddiy ta`sir ko'rsatdi. «Benfika» Gutmanning qarg'ishidan xalos bo'lishi uchun 2062 yilgacha kutishi kerak bo'ladi.

«MYu» esa 3 yillik tanaffusdan keyin YeChLga qaytishini yaxshi o'tkazdi. Jamoa oxirgi turda TsSKA ustidan 2:1 hisobida g'alaba qozondi va guruhda birinchi o'rinni egalladi. Moskvaliklar jamoasi ishtirokini Yevropa Ligasida davom ettiradi.

V guruhi. «Karlo ota uchun qasos»
«Bavariya» 3-1 «PSJ», «Seltik» 0-1 «Anderlext»

Kunning markaziy uchrashuvidagi 4 goldan 3tasini fransuzlar urishdi. «Bavariya»ning fransiyalik legioneri Tolisso dublga erishdi, Mbappe parijliklarning yagona goliga mualliflik qildi. «PSJ» ko'p hujum qildi, ammo yutqazdi. Yutqazsada Unay Emeri shogirdlari to'plar nisbatidagi ustunlik evaziga keyingi bosqichga birinchi o'rin bilan chiqdi. Ammo bu mag'lubiyat tufayli jamoa tarixiy natijani – guruhda 6 o'yinda 6 g'alabaga erishish natijasini qayd eta olmadi. Lekin «PSJ» urilgan gollar soniga ko'ra turnirda rekord o'rnatdi – 25 gol (har bir o'yinga o'rtacha 4,17 gol). Turnirning bu bosqichida parijliklardan ko'ra tomoshabop o'yin ko'rsatgan jamoa bo'lmadi. Bu jamoaga Neymar kelib qo'shilgani evazigadir. Ammo Neymarga guruhning barcha 6 o'yinida gol urish nasib etmadi. Bu maqomni keyingi kungi o'yinlarda boshqa bir futbolchi qo'lga kiritdi.

Aytish mumkinki, nemislar jamoasi birinchi davrada «PSJ»ga qarshi o'yindagi mag'lubiyatdan (0:3) keyin iste`foga chiqarilgan Karlo Anchelotti uchun o'ziga xos tarzda qasos olishdi.

Guruh autsayderlari «Seltik» va «Anderlext» o'rtasida Yevropa Ligasi uchun jang bo'ldi. Shotlandiyada kechgan uchrashuvda belgiyaliklar 3ta to'p farqi bilan g'alaba qozonsa guruhda uchinchi o'rinni egallashi mumkin edi. Ammo o'yinda mehmonlarning bir gol ustunligidagi g'alabasi qayd etildi va «Seltik» Yevropa Ligasida ishtirokini davom ettiradigan bo'ldi. «Anderlext» esa keyingi 12 yilda ilk marta YeChLda g'alabasini nishonlash bilan cheklandi.

S guruhi. Simeone va Chempionlar Ligasi bir-biridan ayro|
«Chelsi» 1-1 «Atletiko», «Roma» 1-0 «Qorabog'»

S guruhi 6 turdan keyin yetakchi o'zgargan yagona jamoa bo'ldi. Londondagi durang «Chelsi»ni ham, «Atletiko»ni ham qoniqtirmasdi, barchasi «Roma»ning o'z qo'lida edi. Rimda sensatsiya kuzatilmadi. «Roma»ning autsayder ustidan kichik hisobdagi g'alabasi guruhda birinchi bo'lish uchun kifoya qildi. 

«Stemford Brij»dagi o'yin syujyeti «Atletiko»ning bu mavsumdagi holatini aks ettirdi. Madridliklar raqib darvozasiga ham, o'z darvozasiga ham gol urishdi. Ular bu mavsumda faqat o'zlariga muammo yaratish bilan mashg'ul va natijada keyingi 7 yil ichida ilk marta YeChL guruhida qolib ketishdi. Oxirgi yillarda jamoasini doimo turnirning yarim final va finallarida o'ynatgan Simeone ham ilk marta Yevropa Ligasida ishtirok etadigan bo'ldi.

D guruhi. Buffon - pley-off
«Olimpiakos» 0-2 «Yuventus», «Barselona» 2-0 «Sporting»

Ikki bo'limda ham g'alabaga erishish - eng yaxshi g'alabadir. «Yuventus» Gretsiyada bunga o'z kuchi bilan erishdi. O'yin qahramoni bu o'yinda maydonga tushmagan Buffon bo'ldi. Gap shundaki, «Olimpiakos» klubi rahbariyati uni faoliyatidagi yutuqlari uchun mukofotladi. Grek klubi vitse-prezidenti Savvas Teodoridis Jijining muxlisi chiqib qoldi.

«Barselona»dagilar Messini ehtiyot qilish kerakligini yaxshi tushunishadi, 5-turda ham zaxirada qoldirilgan argentinalik futbolchi ikkinchi bo'limda Pako Alkaserning golidan keyin maydonga tushirildi. U gol urmadi, uni xafa bo'ldi deb bo'lmaydi. Uning o'rniga sobiq jamoadoshi Jyeremi Mate gol urib berdi, u «Barsa» uchun «Sporting»ga o'tganidan keyin ham gol urmoqda. Qayd etish kerakki, bu avtogol joriy mavsumda kataloniyaliklar foydasiga urilgan oltinchi avtogol bo'ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda «Barselona»ning «Avtogol» ismli futbolchisi Luis Suaresdan samaraliroq ekani haqida hazillar yozishmoqda.

E guruhi. «Spartak»ning «qo'rqinchli tushi»
«Liverpul» 7-0 «Spartak», «Maribor» 1-1 «Sevilya»

«Liverpul» Chempionlar Ligasi guruh bosqichini mag'lubiyatsiz va peshqadam sifatida yakunladi. «Liverpul» musobaqaning joriy mavsumida eng yirik natijani qayd etib, Sloveniyada «Maribor» ustidan 7:0 hisobida zafar quchgandi. Oradan ko'p o'tmay, Yurgen Klopp shogirdlari bu muvaffaqiyatni ikkinchi bor takrorladi va Rossiyaning amaldagi chempioni hisoblangan «Spartak» darvozasiga ham javobsiz 7 ta gol urishning uddasidan chiqa olishdi.

Guruhdagi ikkinchi bellashuvda «Sevilya» durang qayd etdi va navbatdagi bosqichga yo'llanma oldi. «Spartak» esa xalqaro maydondagi yurishini Yevropa Ligasida davom ettiradi.

F guruhi. Gvardiola va`dasida tura olmadi, Fonseka turdi
«Shaxtyor» 2:1 «Manchester Siti», «Feyyenoord» 2:1 «Napoli»

«Shaxtyor»ga keyingi bosqichga chiqish uchun durang ham kifoya qilardi. «Konchilar» Angliya klublariga shu vaqtga qadar o'z uyida hech qachon yutqazmagandi (4 g'alaba va 2 durang) va navbatdagi o'yinda bu an`ana davom ettirildi. Bu o'yingacha «Manchester Siti» yo'llanmani hal qilib bo'lgan va keyingi haftada «MYu»ga qarshi o'yinga asosiy o'yinchilarini asrash uchun Xosep Gvardiola ikkinchi tarkib futbolchilari bilan safar qilgandi. O'yin «Siti»ning 1:2 hisobidagi mag'lubiyati bilan yakunlandi va «shaharliklar» joriy mavsumda 22 uchrashuvdan iborat mag'lubiyatsiz seriyasini (21 g'alaba va 1 durang) to'xtatdi.

O'yin arafasida Gvardiola Donetskda g'alaba qozonib, «Napoli»ga yordam bermoqchiligini aytgandi. Ammo Rotterdamdagi o'yindan avval Lorentso Insineni yo'qotgan Maurisio Sarri jamoasi o'z uchrashuvida ham g'alaba qozona olmadi. «Feyyenoord» ilk ochkolarini qo'lga kiritdi, italyanlar esa Yevropa Ligasiga yo'l oladigan bo'ldi.

«Shaxtyor» murabbiyi o'yindan keyingi matbuot anjumaniga «Zorro» niqobi ostida tashrif buyurdi. 

Noyabr oyi boshida Paulu Fonseka va`da bergandi: «Agar biz Chempionlar ligasida pley-offga chiqsak, men matbuot anjumaniga Zorro qiyofasida kelaman». 

«Shaxtyor» oxirgi turda «Siti»ni mag'lub etib, vazifani uddaladi, Fonseka va`dani bajardi. 

G guruhi. «Beshiktosh» mag'lubiyatsiz yakunladi
«Portu» 5:2 «Monako» «RB Leyptsig» 1:2 «Beshiktosh»

«Portu» va «Leyptsig» bir xilda ochko to'plagan va ikkinchi o'rin uchun kurashayotgandi. Portugaliyaliklar oxirgi turda ishtiyoqsiz «Monako»ni yengishi talab etilardi va bu ish ortig'i bilan uddalandi - 5:2.

«Beshiktosh» barcha prognozlarni yo'qqa chiqardi va guruh o'yinlarini mag'lubiyatsiz o'tkazib, birinchi o'rinni egalladi. Turklar birinchi, portugallar ikkinchi o'rin bilan keyingi bosqichga chiqdi, «Leyptsig» imkoniyatini Yevropa Ligasida sinab ko'radi, o'tgan mavsumda YeChL yarim finaliga chiqqan «Monako» esa yozda o'z yetakchilarini sotib kuchsizlanishi tufayli guruhda oxirgi o'rinda qoldi.

H guruhi. Ronalduning navbatdagi rekordi
«Real» 3:2 «Borussiya», «Tottenhem» 3:0 APOEL

«Real» bu o'yinda shunchaki o'ynashi kerak edi, birinchi o'rin uchun imkoniyat boy berilgan, ikkinchi o'rin naqd qilingan. Bu o'yinda faqat Krishtianu Ronalduda ishtiyoq bor edi. U turnirning guruh bosqichida barcha o'yinlarda gol urish orqali, Neymarga nasib qilmagan natijaga erishib, rekordchiga aylanishi mumkin edi. Va shunday bo'ldi ham. U 6 uchrashuvda 9 gol urdi, uning joriy kalendar yilida YeChL o'yinlarida urgan gollari soni 19taga yetdi.

«Borussiya» Chempionlar ligasi tarixida 2 ochko bilan ham Yevropa Ligasiga yo'llanma olgan ilk jamoaga aylandi. Bu ochkolar APOELga qarshi o'yinlarda qo'lga kiritilgan, «Tottenhem» va «Real»ga qarshi o'yinlarda nemislar yutqazgan. Hatto «Viktoriya Plzen» va «Ludogorets» ham o'z vaqtida 3 ochko to'plagan holda uchinchi o'rinni egallagandi.

«Borussiya» barcha turnirlar doirasida qatorasiga 8 o'yinda g'alaba qozona olmadi. Bu jamoaning 2009 yildan buyon eng yomon ko'rsatkichidir.

Kiprliklar «Uembli»da «Tottenhem»ga qarshi hech narsa qila olishmadi. Harri Keyn yo'q bo'lsada, Fernando Lorente, Son Xen Min va Nkudu uning yo'qligini bildirishmadi va londonliklar jamoasi guruhni mag'lubiyatsiz yakunlab qo'yishdi.

Ilk marta bir mamlakatdan 5 jamoa YeChL pley-offida qatnashadi

Yevropa Chempionlar ligasining 1/8 finalida ishtirok etadigan 16 jamoadan 5tasi Angliya chempionati vakili. Turnir tarixida bu bosqichda bir mamlakatdan 5 jamoa ishtirok etishi ilk marta kuzatilmoqda.

Keyingi bosqichga Angliyaning 5 jamoasi – «Liverpul», «Manchester Siti», «Manchester Yunayted» va «Tottenhem» jamoalari guruhlarda birinchi o'rin bilan, «Chelsi» ikkinchi o'rin bilan yo'l olgan.

Angliyaning turnirda ishtirok etgan barcha jamoasi guruhdan chiqishi bundan avval 2006/07 yilgi mavsumda kuzatilgan, ammo o'shanda APLdan faqat 4 jamoa turnirda qatnashgandi.

«MYu» bu mavsumda o'tgan yilgi Yevropa Ligasi g'olibi sifatida Angliyaning beshinchi vakili bo'lib ishtirok etmoqda. YeChLning 1/8 finalida Angliyaning barcha jamoasi ishtirok etishi 6 marta, Ispaniyada 4 marta va Germaniyada 2 marta ro'y bergan.

Guruh bosqichi sermahsullik rekordini yangiladi

2017/18 mavsum guruh bosqichida o'tkazilgan 192ta o'yinda 306ta gol urildi. Bu turnir tarixidagi eng yaxshi ko'rsatkich bo'ldi.

«Real» hujumchisi Krishtianu Ronaldu 9ta gol bilan guruh bosqichining eng yaxshi to'purari bo'ldi.

«PSJ» 25ta gol bilan eng sermahsul jamoaga aylandi. 23 ta gol urgan «Liverpul» bu borada ikkinchi bo'ldi.