Bugun, 7 dekabr kuni Toshkentdagi «O'zbekiston» anjumanlar saroyida O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yillik bayramiga bag'ishlangan tantanali yig'ilish bo'lib o'tdi.

Tadbirda O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma`ruza qildi. 

O'zAning yozishicha, bugun prezident 2018 yil uchun nomni e`lon qilmagan. Ma`lum qilinishicha, yangi yilga nom berish haqida Prezidentimizning Oliy Majlis palatalariga taqdim etiladigan Murojaatnomasida fikr yuritiladi.

«Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e`lon qilingan 2017 yilda «Inson manfaatlari hamma narsadan ulug'» degan g'oya asosida katta ishlar amalga oshirildi. Bu ishlar Konstitutsiyamizning asosiy tamoyillarini ro'yobga chiqarishda yana bir ulkan qadam bo'ldi. 

Albatta, bu haqda uzoq va batafsil gapirish mumkin. Lekin bugungi tantanali marosim yangicha mazmun va yo'nalishda o'tayotganini hisobga olib, men faqat eng muhim o'zgarishlar haqida to'xtalib o'tmoqchiman», degan prezident.

«Joriy yil yakunlari va yangi yilga nom berish to'g'risida esa O'zbekiston Respublikasi Prezidentining yaqin kunlarda Oliy Majlis palatalariga taqdim etiladigan Murojaatnomasida atroflicha fikr yuritiladi», deyilgan xabarda.

O'zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan respublikamizda 1997 yildan buyon Konstitutsiya kuni bayrami arafasida kirib keladigan yangi yilni nomlash an`anaga aylangandi.

Ayrim manbalarga ko'ra, 2018 yil «Yoshlarni rahbarlikka tayinlash va ularni qo'llab quvvatlash yili» bo'lishi kutilmoqda.