Prezident Shavkat Mirziyoyev O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi ma`ruzasida ta`limdagi islohotlar haqida gapirar ekan, maktabgacha ta`lim tizimiga yangicha yondashish bugungi kunning talabi ekanligini alohida ta`kidlab o'tgan.

«Yurtimizning barcha joylarida, eng olis hududlarida ham maktabgacha ta`lim muassasasi tashkil etiladi. Bu eng avvalo onalar uchun muhimdir. Ular farzandining sifatli tarbiya olishi, maktabga tayyorlanishi uchun birinchi o'rindagi vazifadir. Qolaversa, bog'chaga bormagan bola bilan borgan bolaning o'rtasida katta farq bo'ladi», deydi davlat rahbari.

«Xalq so'zi» gazetasining xabar qilishicha, Prezident tashabbusi bilan endi maktablarda tayyorlov kurslari ochiladi. Ya`ni maktablar o'n yillik bo'lib, maktab yoshidagi bola bir yil oldin maktabga tayyorlanadi.

Oxirgi 20 yil ichida maktabgacha ta`lim muassasalari (MTM) soni 45 foizdan ko'proqqa qisqarib ketgandi, bolalarning maktabgacha ta`lim muassasalari tomondan qamrab olinishi esa 30 foizga yaqinni tashkil etadi. O'zbekistonda o'zaro raqobatlashuvchi davlat va nodavlat MTMlari tarmog'ini yaratish hisobiga bolalarning maktabgacha ta`lim bilan to'liq qamrab olinishini bosqichma-bosqich ta`minlash hamda maktabgacha ta`lim va bolalarni tarbiyalashning muqobil shakllarini amaliyotga tatbiq qilish maqsadida Maktabgacha ta`lim vazirligi tashkil etilgandi.