6 dekabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Al-Qudsning Isroil poytaxti deb tan olinishini e`lon qildi. Bundan avvalroq u Falastin rahbari Mahmud Abbos va Iordaniya qiroli Abdulla II AQSh elchixonasini Tel-Avivdan Al-Qudsga ko'chirmoqchi ekani haqida xabardor qilgandi.

Trampning bu qarorini mintaqadagi davlatlar ham, Yevropadagi ittifoqchilar ham norozilik bilan qarshi olishdi, ular bu qaror Yaqin Sharqdagi vaziyatni yanada taranglashtirishi mumkinligidan xavotir bildirishdi.

Quyida ushbu mavzuning asosiy qismlari keltiriladi. Nima uchun shaharning maqomi 70 yildan ortiq vaqtdan buyon aniq emasligiga izoh izlanadi.

Mojaro tarixi

1947 yilning 29 noyabri — BMT Bosh assambleyasi Britaniyaning Yaqin Sharqdagi mandati qismlarga bo'linishiga va bu hududda yahudiylar hamda arablar davlati tuzilishiga rozilik berdi. Al-Quds (Quddus) BMT nazoratidagi maxsus hudud bo'lishi kerak edi. Yahudiylar bu rejani ma`qullashdi, arablar qarshi chiqishdi — ular o'zlariga berilgan hududning hajmi va sifatidan norozi edi.

Jamol al-Husayniy - Arab qo'mitasi raisi vazifasini bajaruvchi

1947 yil 24 noyabr — «Agar yahudiylar Falastinning bir parchasini qo'lga kiritsa ham, zamin olov va qonga botishi kerak».
1948 yil 16 aprel — «Yahudiylar agentligi vakili ular hujum qilmaganini aytdi. Ammo arablar to'qnashuvga kirishgan. Biz buni inkor etmaymiz. Biz jang qilishimiz haqida butun dunyoga jar solamiz».

1948 yil 14 may — Yahudiylar agentligi raisi David Ben-Gurion Buyuk Britaniya qo'shinlari chiqib ketgach mustaqil Isroilni boshqara boshlaydi.
1948 yil 15 may — Misr, Suriya va Transiordaniya ittifoqchiligidagi Arab ligasi davlatlari qo'shini Britaniya qoldirib ketgan hududlarga hujum boshlaydi. Iordaniyalik harbiylar bir yarim yil davomida Quddusga hujum qilishadi va uning sharqiy qismida nazorat o'rnatishadi.
1948 yil 13 dekabr — Transiordaniya Sharqiy Quddusni bosib oladi. Buni faqat Buyuk Britaniya, SSSR va Pokiston tan oladi.
1949 yil 19 dekabr — Isroil G'arbiy Quddusni o'z poytaxti deb e`lon qiladi. Bir yarim yil o'tib Transiordaniya Sharqiy Quddusni o'z poytaxti deb e`lon qiladi va yahudiylarni Eski shaharga hamda yahudiylar qabristoniga o'tkazmay qo'yadi.
1967 yil 5 iyun — Isroilning shu vaqtgacha turli hodisalar ro'y berib turgan Misr va Suriya bilan chegaradosh hududlaridagi mojarolar qurolli qarshilik bosqichiga ko'tarildi va Olti kunlik urush deb nomlandi. Uning oqibatlari Isroilning mintaqadagi o'rnini butkul o'zgartirib yubordi: urushgacha yahudiylar mamlakati hanuz mavjud bo'lib turganining o'zini ko'pchilik mo'`jiza hisoblab kelayotgan edi. Shu kuni iordanlar G'arbiy Quddusni o'qqa tutdi, shundan so'ng TsAXAL qarshi hujumga o'tdi va 3 kun ichida Sharqiy Quddusni egalladi. Isroilliklar har tomon harakatlanib, Misr, Suriya va Iordaniya armiyalarini tor-mor etishdi.

Olti kunlik urush yakunlari isroilliklarning o'zi uchun ham mutlaqo kutilmagan tarzda bo'ldi. Misr, Suriya va Iordaniya armiyasiga son jihatidan bir necha bor yutqazuvchi Isroil armiyasi olti kun ichida 68,7 ming kvadrat kilometrga maydonni bosib oladi: G'azo bo'lgasi, O'rdun daryosining g'arbiy sohili, Qudsning sharqiy qismi, Suriyaning javlon tepaliklari va Misrning Sinay yarim oroli. Urush mobaynida Isroil tomonining yo'qotishlari o'ldirilgan 800 harbiy, 2,5 ming yarador bilan o'lchangan bo'lsa, arab kuchlari 15 ming askardan mahrum bo'lishgan.

1980 yil 30 iyul — Isroil parlamenti Quddusni Isroilning yagona va bo'linmas poytaxti deb e`lon qildi.

1980 yil 20 avgust — BMT Xavfsizlik Kengashi Isroil «okkupatsiyachi derjava» deb atalgan va tashkilot a`zolari uning poytaxtini tan olmasligi kerakligi haqidagi rezolyutsiyani qabul qildi.

1995 yil 8 iyul – AQSh Kongresi Qo'shma Shtatlar elchixonani Tel-Avivdan Quddusga ko'chirishi kerakligi qayd etilgan qonunni qabul qildi. Keyingi 20 yilda AQShning 3 prezidenti— Bill Klinton, kichik Jorj Bush va Barak Obama —  Yaqin Sharqdagi vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkin bo'lgan qadamlardan qochib, o'z vakolatlaridan foydalangan holda qonunning ishga tushishini ortga surib kelgan. 

Munosabat

Quddus meri Nir Barkat Amerika hukumatining qarorini tarixiy qadam deb atagan va Trampni nafaqat elchixonani ko'chirish, balki Isroil poytaxtini tan olishga chaqirgandi.

«Merets» partiyasi yetakchisi Zaxav Galon Trampning qarori «keraksiz muammolar keltirib chiqarishi mumkinligi», Quddus Amerika elchixonasisiz ham Isroilning poytaxti ekanini aytdi.

Arabparast partiya bo'lmish TAAL yetakchisi Ahmad Tibi Trampning qarorini «siyosiy hujum» deb baholadi.

Knessetdagi Arab bloki rahbari Ayman Uda AQSh prezidentini aqlsizlik bilan katta hududlarni olov ichida qoldirishga tayyor «piromanyak» deb atadi.

Oqibatlar

BuzzFeed nashrining Amerika oliy rahbariyatidagi manbasi ma`lum qilishicha, elchixonani ko'chirish qarori AQShning Quddus «chegaralari va o'lchovlari» bo'yicha rasmiy munosabatini o'zgartirmaydi. Qo'shimcha qilinishicha, elchixona qurilishi 3-4 yil vaqt oladi.

Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Frederika Mogerini AQSh prezidentini «vaziyatni taranglashtirishi mumkin bo'lgan har qanday harakatlardan tiyilish»ga chaqirdi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey qirollikning Quddus masalasidagi pozitsiyasi o'zgarmas ekanini ma`lum qildi, u shahar Isroil uchun ham, Falastin davlati uchun ham poytaxt bo'lishda davom etishi kerak, degan fikrni bildirdi.

Iordaniya qiroli Abdulla II ma`lum qildiki, Trampning qarori Amerika ma`muriyatining Yaqin Sharqdagi tinchlikni ta`minlash bo'yicha istaklariga zarar keltirishi mumkin. Ushbu monarx shahar maqomi mintaqadagi tinchlik uchun muhim ekanini qayd etdi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo'g'an Qo'shma Shtatlarning qarorini «musulmon olami uchun qizil chiziq» ekanini aytdi.

AQShning Quddusdagi konsulligi amerikalik fuqarolarni Eski shaharga va odamlar ko'p to'planadigan boshqa joylarga bormaslikka chaqirdi. Diplomatik missiya xodimlariga bu hududlarga faqat zarurat tug'ilganida, qo'shimcha qo'riqchilar bilan borishga ruxsat berilgan.