Bugun, 7 dekabr kuni Toshkentdagi «O'zbekiston» anjumanlar saroyida O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yillik bayramiga bag'ishlangan tantanali yig'ilish bo'lib o'tadi.

Tadbirda O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma`ruza qiladi. Ma`lumki, O'zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan respublikamizda 1997 yildan buyon Konstitutsiya kuni bayrami arafasida kirib keladigan yangi yilni nomlash an`anaga aylangan.

Bugun ham ushbu an`anaga muvofiq,  Shavkat Mirziyoyev 2018 yil nomini e`lon qilishi kutilmoqda.

Kun.uz sayti bir kun oldin bu borada so'rovnoma o'tkazdi.

Unda o'quvchilarga 6ta variant taklif etilgandi. So'rovnomada 6 mingga yaqin kishi ishtirok etdi. Sayt o'quvchilarining ko'pchilik qismi 2018 yil O'zbekistonda «Tadbirkorlar va sarmoyadorlarni qo'llab-quvvatlash yili» bo'lishini istashadi (35 foiz/2 mingdan ortiq kishi). Shuningdek, «Islom madaniyatini yuksaltirish yili» (25 foiz) va «Ta`lim tizimini takomillashtirish yili» (18 foiz) takliflari ham ko'pchilik tomonidan ma`qullangan. So'rovnomada «Innovatsion rivojlanish va yuksalish yili» (11 foiz), «Turizmni rivojlantirish yili» (6 foiz) va «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili-2» (5 foiz) takliflari bo'yicha munosabat ham so'ralgandi. 

1997-2017 yillar oralig'ida quyidagicha nomlar berilgan:

1997 yil - Inson manfaatlari yili

1998 yil - Oila yili

1999 yil - Ayollar yili

2000 yil - Sog'lom avlod yili

2001 yil - Onalar va bolalar yili

2002 yil - Qariyalarni qadrlash yili

2003 yil - Obod mahalla yili

2004 yil - Mehr va muruvvat yili

2005 yil - Sihat-salomatlik yili

2006 yil - Homiylar va shifokorlar yili

2007 yil - Ijtimoiy himoya yili

2008 yil - Yoshlar yili

2009 yil - Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili

2010 yil - Barkamol avlod yili

2011 yil - Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili

2012 yil - Mustahkam oila yili

2013 yil - Obod turmush yili

2014 yil - Sog'lom bola yili

2015 yil - Keksalarni e`zozlash yili

2016 yil - Sog'lom ona va sog'lom bola yili

2017 yil - Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili