22:30 / 07.12.2017
15969

Turkiya qo‘shni davlatlar yerlariga da'vo qilmaydi, lekin istisnolar bor

© RIA Novosti / Sergey Guneyev

Turkiya qo‘shni davlatlarga, xususan, Gretsiyaga nisbatan hududiy da'volar qilmaydi. Bu haqda mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Afinada, Gretsiyaga rasmiy tashrifi doirasida aytib o‘tdi.

"Biz qo‘shni davlatlar daxlsizligiga tajovuz qilmaymiz", — degan turkiyaliklar rahbari Gretsiya bosh vaziri Aleksis Tsipras bilan uchrashuv vaqtida. Siyosatchilarning uchrashuvi NTV telekanalida translyatsiya qilingan.

Shu bilan birga, Erdo‘g‘an Gretsiya prezidenti Prokopis Pavlopulos bilan uchrashuv vaqtida 1923 yilgi Lozanna kelishuvini qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan.

"Lozanna kelishuvida ayrim tushunarsiz jihatlar mavjud. 94 yil oldin tuzilgan kelishuv nafaqat Turkiya va Gretsiyaga, yana 11 davlatga taalluqli. O‘tgan yillar davomida dunyo o‘zgardi, Turkiya va Gretsiya o‘rtasida ham ko‘p narsa o‘zgardi. Men xalqaro huquqni yaxshi tushunaman, aytishim mumkinki, shartnoma shartlarini yangilash mumkin va biz buni qilamiz. Buning uchun o‘zaro kelishib olishimiz kifoya qiladi. Dunyo tajribasida bunga misollar ko‘p", — degan Erdo‘g‘an Afinada Gretsiya prezidenti bilan uchrashuv chog‘ida.

O‘z navbatida, Gretsiya prezidenti Pavlopulos Lozanna tinchlik kelishuvi muhokamaga va qayta ko‘rib chiqishga muhtoj emasligini ta'kidlagan.

Lozanna tinchlik kelishuvi 1923 yil iyulida bir tomondan Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Yaponiya, Gretsiya, Ruminiya, Yugoslaviya, ikkinchi tomondan Turkiya ishtirokida tuzilgan, unda Usmoniylar imperiyasi merosxo‘ri bo‘lgan Turkiya Respublikasi chegaralari belgilab berilgandi.

2016 yilning kuzidayoq Erdo‘g‘an ushbu kelishuvni qayta ko‘rib chiqish istagini bildirgandi. O‘shanda u Lozanna tinchlik kelishuvini Turkiya uchun foydali bo‘lmagani uchun tanqid qilgandi. Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Lozannada Egey dengizining Turkiya qirg‘oqlari yaqinidagi orollari Gretsiyaga asossiz ravishda berib yuborilgan.

"Bizning qirg‘oqqa u yerdagi ovozlar eshitilib turadi. U yerda bizning masjidlar va boshqa qadamjolar joylashgan", degandi Turkiya prezidenti.

Gretsiyadagilar shundan keyin Lozanna kelishuvi va ikki davlat o‘rtasidagi chegaralar holati taqdiri xavf ostida qolganini qayd etishgandi. O‘shanda Gretsiya Milliy Mudofaa vaziri Panos Kammenos turkiyaliklar prezidentiga "xavfli qadam tashlamaslik"ni va "grek orollaridan kelayotgan ovozlarni yaxshilab tinglash"ni maslahat qilgandi.

Top