18:35 / 07.12.2017
33508

O‘zini MXX xodimi deb tanishtirgan firibgar ushlandi 

Foto: KUN.UZ

Buxoro viloyati Olot tumani, Qumkashon MFYda yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan R.B. tekin boylik orttirish niyatida birovlarni aldash, ishonchiga kirish orqali turli miqdordagi pullarini qo‘lga kiritishda “ustasi farang” firibgarlardan, deb xabar berdi KUN.UZ’ga Buxoro viloyati IIB.

Jumladan, R.B. Olot tumani, Xalfa MFY, Ulug‘bek ko‘chasi 2-xonada yashovchi, uy  bekasi U.X.ga o‘zini Milliy xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmasida yuqori lavozimda ishlashini, tanishlari orqali Olot shahri hududida Qishloq qurilish banki tomonidan qurilayotgan ikki qavatli namunaviy loyihada qurilayotgan uylardan birini arzon narxda sotib olib berishini, so‘ngra uni Olot tuman bojxona kompleksidagi oshxonaga ishga joylashtirishini va'da qilib, pora berishga qiziqtirib, uni aldab, U.X.dan 200 AQSh dollari va 2.000.000 so‘m naqd pullarini aldash va ishonchni suiiste'mol qilish yo‘li orqali qo‘lga kiritib, firibgarlik va pora berishga dalolatchilik qilish jinoyatlarini sodir etgan.

Bundan tashqari, R.B. Olot tumani, Kesakli MFYda yashovchi, M.E.ga onasi betob bo‘lib qolganligini, uni davolatishga pul zarur ekanligini, bir hafta ichida to‘liq qaytarib berishini va'da qilib, uni aldab, 1.500.000 so‘mlik bir juft tilla ziraklarini va 500.000 so‘m naqd pullarini aldash va ishonchni suiiste'mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritganidan so‘ng va'da qilingan pullarni bermasdan turli xil bahonalar qilib, uning ishonchini suiiste'mol qilish yo‘li orqali firibgarlik jinoyatini sodir etganligi aniqlangan.

Ushbu holat yuzasidan R.B.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 1-qismi va 28,25,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Top