23:43 / 08.12.2017
13252

Qishki mavsum: amaliy ishlar natijasi Toshkent shahri misolida

Toshkent shahrida xalq murojaatlari bilan ishlash jadal sur'atlarda davom etmoqda. Xalq manfaatlaridan kelib chiqib, muammolar o‘z o‘rnida, tezkorlik bilan hal etilmoqda. Ayniqsa, kuz-qish mavsumi bilan bog‘liq muammolar odamlarni qiynab keladi. Xo‘sh, bu borada mahalliy hokimiyat tomonidan qanday amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xizmat xodimlari, sektor rahbarlari, tuman Xalq qabulxonalari mudirlari va tegishli sohalar mutaxassislaridan iborat 11 ta ishchi guruhi tuzilib, Toshkent shahrining eng chekka hududlari, uy-joylar, ijtimoiy soha obektlari, bozorlar va savdo nuqtalaridagi ahvol o‘rganib borilmoqda.

Hududlarda mavjud muammolarni tezkor ravishda aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan zudlik bilan zarur choralar ko‘rish maqsadida Toshkent shahar hokimligi rahbariyati, Toshkent shahridagi barcha Sektor rahbarlari (44 ta) hamda monitoring guruhining barcha a'zolari o‘rtasida “Telegram” mobil dasturi orqali aloqa o‘rnatildi.

KUN.UZ tahririyatiga berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, 7 dekabr kuni poytaxtdagi Markaz-14 mavzesida obodonlashtirish ishlari olib borilgan. Bundan tashqari, Markaz-13 dagi 19-umumiy o‘rta ta'lim maktabida ham xuddi shunday tadbirlar amalga oshirilgan.

Kuz-qish mavsumida mavjud muammolarni tezkor ravishda hal etilishi yuzasidan ham turli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Masalan, Aviasozlar-4 mavzesining 65-uyi kapital ta'mirdan o‘tgan. Olmazor tumanidagi Kelis yo‘li, 2-uy, 39-xonadondagi issiqlik ta'minoti bilan bog‘liq muammo o‘z joyida yechimini topgan. Qo‘yliq-4 mavzesidagi 42-uyning 1-xonadonidagi issiqlik ta'minotining yaxshilangani ham xonadon egalarining minnatdorchiligiga sabab bo‘ldi.

Bunga o‘xshash misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Aytish o‘rinliki, bu kabi tezkor chora-tadbirlar va amaliy harakatlar ko‘rsatishda poytaxtning Sergeli, Olmazor, Mirobod va Shayxontohur tumani hokimiyati mutasaddilari jonbozlik ko‘rsatishmoqda. 

Shunga o‘xshash amaliy harakatlar Toshkent shahrining boshqa chekkalarida ham davom etmoqda.

Top