16:40 / 08.12.2017
9690

O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida qatnashmoqda

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Joriy yilning 7 dekabr kuni Travel Turkey Izmir-2017 xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi, unda O‘zbekiston delegatsiyasi birinchi marotaba ishtirok etmoqda. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston sayyohlik salohiyati «O‘zbekiston» yagona Milliy stendi bilan taqdim etildi, unda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari, Buxoro, Toshkent va Xorazm viloyatlari hokimlarining turizm sohasini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakillari, «Zangiota» va «Hakim at-Termiziy» memorial majmuasi rahbarlari, shuningdek, O‘zbekistonning 12 yirik turistik kompaniyasi vakillari (East Asia Point, Orient Mice, Azimut  Travel, Asia Tour Elite, Nanay’s Paradise, Expert Navigator, Bukhara Eco Travel, East Line Tour, Ulysee Tour, Uzintour, Ark Travel, Lola Tour Service), hammasi bo‘lib 53 kishi ishtirok etmoqda.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Bu yil 11-an'anaviy Travel Turkey Izmir 2017 xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida 83 davlatdan bo‘lgan sayyohlik sanoatining 40 mingdan ziyod vakili 119,400 kvadrat metr maydonga ega zamonaviy ko‘rgazma kompleksi hududida ishtirok etmoqda.

Ko‘rgazmaning birinchi kunida O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi vakillari, Turkiya sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi (TURSAB) direktor o‘rinbosari, Turkiyaning mintaqaviy organlari rahbarlari, xususan, Urgup, Eskishehir, Kushadasi shaharlari merlari, xorijiy sayyohlik kompaniyalari va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashdi. 

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Xususan, Eskishehir va Kushadasi shaharlari munitsipalitetlari rahbarlari bilan muzokaralar chog‘ida turkiyalik hamkasblar har ikki yo‘nalishda muntazam ravishda sayyohlik oqimini ta'minlash, shuningdek, O‘zbekiston shaharlari bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatish masalalarini ishlab chiqish borasida katta qiziqish bildirishdi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Ko‘rgazma doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari tomonidan o‘tkazilgan uchrashuvlar va muzokaralar davomida mamlakat sayyohlik idoralari, yirik sayyohlik assotsiatsiyalari va Turkiya sayyohlik sohasidagi ishbilarmon doiralar vakillariga O‘zbekiston rahbari tomonidan turizm sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma'lumot berildi.

Xorijiy sheriklar «Ziyorat turizmi» yo‘nalishi bo‘yicha katta salohiyat, investitsiyalar, shuningdek, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari bilan tanishtirildi.

Top