09:57 / 09.12.2017
21971

Fazogir sayyoramizdagi eng katta yangi yil archasidagi chiroqlarni koinotdan yoqdi (Foto)

Foto: Metro Newspaper UK

Ayni vaqtda Xalqaro koinot stansiyasida bo‘lgan italiyalik fazogir Paolo Nespoli Italiyaning Gubbio kommunasida o‘rnatilgan, sayyoramizdagi eng katta yangi yil archasidagi chiroqlarni koinotdan turib yoqdi. Bu haqda ANSA axborot agentligi xabar bermoqda.

Gap Injino tog‘i yonbag‘rida hosil qilinadigan yangi yil archasi haqida ketmoqda. Bu archa tog‘dagi daraxtlarga o‘rnatilgan chiroqlar yordamida hosil qilinadi. Fazogir chiroqlarni XKS kommuna joylashgan Umbriya viloyati ustidan uchib o‘tayotganda yoqqan. 

Bu antiqa yangi yil archasining uzunligi 650 metrni, asosidagi eni esa 350 metrni tashkil qiladi. U 3 mingta turfa rangdagi chiroqlar va 8,5 km lik kabel yordamida hosil qilinadi. Archa 50 km uzoqlikdan ko‘rinib turadi.

Foto: Paolo Tosti

  Mahalliy aholi bu archani ilk bor 1981 yilda o‘rnatgan. Shundan beri tog‘ yonbag‘ridagi daraxtlarni yangi yil archasi ko‘rinishida bezash an'anaga kirgan. Bu antiqa archa 1991 yilda “dunyodagi eng katta yangi yil archasi” sifatida Ginness rekordlar kitobiga kiritilgan.

Mavzuga oid
Top