18:00 / 10.12.2017
11377

Mourino va Gvardiolaning yangi to‘qnashuvi. Yil o‘yini oldidan

Bu haftadagi Yevropaning eng markaziy o‘yini Manchester derbisidir. Yana bir necha soatlardan so‘ng boshlanadigan o‘yin Angliyada ko‘p masalalarga oydinlik kiritib berishi mumkin. Tribuna.Uz uzoq o‘tmishga borib taqaladigan derbining 175-marta o‘tkaziladigan bu safargi to‘qnashuvga batafsil to‘xtaldi.

MANCheSTeR YuNAYTeD - MANCheSTeR SITI

Boshlanish vaqti: 10 dekabr, 21:30
Translyatsiya: Futbol TV, Match TV, Match! Futbol 1
Bosh hakam: Maykl Oliver
Yordamchi hakamlar: Skott Ledjyer, Simon Bennet
To‘rtinchi hakam: Jonatan Moss

Foto: Getty Images

Bugungi uchrashuv mezbonlar hozirda qo‘shnilaridan 8 ochko ortda qolmoqda va faqat g‘alaba qozonish orqali Mourino Angliya Premer Ligasiga intrigani qaytarishi mumkin.

O‘tgan yili «Old Trafford»da bo‘lib o‘tgan o‘yinda «Siti» 2:1 hisobida g‘alaba qozongandi. O‘sha o‘yindan buyon «Manchester Yunayted» bu stadionda 40 o‘yin o‘tkazdi va birorta ham mag‘lubiyatga uchramay, klub rekordini qayd etdi. Aynan «Siti» bilan o‘zaro o‘yinlarda ham Mourino pallani o‘z tomoniga og‘dira oldi. Angliya Liga kubogi uchrashuvida 1:0 hisobida g‘alaba, keyin «Etihad»dagi o‘yinda 0:0 hisobida durang, yozda AQSh tashkil qilingan o‘rtoqlik o‘yinida esa, «iblislar» 2:0 hisobida ustun kelgandi.

Hafta o‘rtasidagi YeChL o‘yinida «Yunayted» ortiqcha urinmay TsSKA ustidan o‘z maydonida g‘alaba qozongan bo‘lsa, «Manchester Siti» bir kun keyin, safarda, Ukrainada to‘p surishiga to‘g‘ri keldi. Bu o‘yinda Gvardiola tarkibda bir qator o‘zgarishlar qilgan bo‘lsa-da, deyarli asosiy tarkib Ukrainaga bordi, bu ham derbi o‘yinida «Manchester Siti»ga xalaqit berishi mumkin.

O‘zaro uchrashuvlar tarixi

Foto: Getty Images

Yuqorida aytib o‘tganimizdek bu ikki jamoaning o‘zaro 175-to‘qnashuvi bo‘ladi. Shu kungacha bo‘lib o‘tgan 174 to‘qnashuvning 72tasida «Manchester Yunayted»ning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, 50 uchrashuvda «Manchester Siti» g‘alaba qozongan. 52 uchrashuvda durang natija qayd etilgan.

Angliya premer-ligasi tashkil qilinganidan buyon bu ikki jamoa roppa-rosa 40 marta o‘zaro hisob-kitob qilishgan. 20ta uchrashuvda «Manchester Yunayted» g‘alaba qozongan bo‘lsa, 12 uchrashuvda «Manchester Siti» jamoasining qo‘li baland kelgan. 8 uchrashuvda durang qayd etilgan. «Siti»ning 12 g‘alabasidan beshtasi aynan «Old Trafford»da qayd etilgan.

O‘yinoldi qiziqarli faktlar

«Manchester Siti»ga qarshi Premer-liga doirasidagi ketma-ket to‘rtta mag‘lubiyatdan so‘ng «Manchester Yunayted» so‘nggi beshta uchrashuvdan faqat bittasida «Siti»ga yutqazdi.

Hech bir Premer-liga vakili «Old Trafford»da «Manchester Siti»chalik ko‘p gol (27ta «Chelsi» bilan teng), shuningdek «Chelsi» g‘alabalar soni bo‘yicha (6ta g‘alaba) «Siti»dan yaxshiroq (5 g‘alaba) ko‘rsatkichga ega yagona jamoa sanaladi.

«Yunayted» o‘z uyida Premer-ligada eng uzoq vaqtdan buyon (24 uchrashuv — 14 g‘alaba, 10 durang) yutqazmay kelmoqda. So‘nggi marta jamoa «Old Trafford»da aynan «Manchester Siti»ga (2016 yil sentabr) mag‘lubiyatga uchragan.

Foto: Getty Images

Agar Pep Gvardiola shogirdlari bu uchrashuvda g‘alaba qozonsa, jamoa ketma-ket 14 g‘alabasini qo‘lga kiritadi va 2002 yilning avgustidan 2003 fevraligacha «Arsenal» erishgan natijani takrorlagan bo‘ladi.

«Yunayted» ushbu mavsumda o‘z maydonida 100 foizlik natija qayd etmoqda, «Manchester Siti» esa, aksincha, safar o‘yinlarida hali ochko yo‘qotgani yo‘q. Demak bu seriyalardan ham qaysidir biri yakshanba kuni poyoniga yetadi.

Yo‘qotishlar

Manchester Yunayted» tarkibida Maykl Kerrik va Erik Bayi jarohati sabab, Pol Pogba diskvalifikatsiya tufayli maydonga tusha olmaydi. Zlatan Ibrahimovich, Nemanya Matich va Fil Jonsning ishtiroki so‘roq ostida qolmoqda.

«Manchester Siti» tarkibida Benjamen Mendi va Jon Stounz jarohati sabab maydonga tusha olmaydi. Fabian Delf va Vinsan Kompanining ishtiroki so‘roq ostida turibdi.

Taxminiy tarkiblar

«Manchester Yunayted»: De Xea; Smolling, Jons, Roxo, Valensiya, Yang; Fellayni, Matich, Lingard, Marsiyal; Lukaku.
«Manchester Siti»: Ederson; Uolker, Otamendi, Kompani, Delf; Fernandino, De Bryuyne, David Silva; Sterling, Sane, Aguero.

Top