11:30 / 10.12.2017
11606

Toshkent shahrida 11 oyda 2 mingga yaqin qidiruvda bo‘lganlar ushlandi

2017 yilning 11 oyi davomida Toshkent shahar IIBB sohaviy xizmatlari tomonidan 957 ta jinoyat “izi sovumasdan” fosh etildi. Bu haqda ShIIBB matbuot xizmati rahbari Azizjon Teshaboyev matbuot brifingida ma'lum qildi, deb xabar qilmoqda tadbirda ishtirok etgan KUN.UZ muxbiri. 

Foto: Azizjon Teshaboyev/Kun.uz

“Sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlik muqarrarligini ta'minlash maqsadida olib borilgan tergov-tezkor tadbirlar natijasida 11 oy davomida 957 ta, dekabr oyi davomida 19 ta, shu jumladan 520 ta o‘g‘irlik, 224 ta firibgarlik, 20 ta og‘ir tan jarohati yetkazish, 21 ta qotillik, 34 ta bosqinchilik, 50 ta talonchilik, 24 ta bezorilik, 18 ta avtomashinalarni olib qochish va 46 ta boshqa jinoyatlar fosh etildi”, - dedi Teshaboyev. 

Uning qayd etishicha, bugungi kunda poytaxt shahar hududida jinoyatlar soni shu yilning 11 oyi mobaynida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizga kamayishiga erishilgan. 

“Toshkent shahri hududida joriy yilning 11 oyida qayd etilgan jinoyatlar 12302 tani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2181 taga, ya'ni 15 foizga kamayganligini (2016 yil 11 oyida 14483 ta qayd etilgan) alohida ta'kidlab o‘tish joiz. 2016 yilning 9 oyi davomida jami 331 ta, noyabr oyining o‘zida 331 ta firibgarlik jinoyati qayd etilgan bo‘lib, joriy yilning noyabr oyida 158 ta firibgarlik ro‘yxatga olingan. Bu turdagi jinoyat ikki barobar, ya'ni 173 taga kamayishiga erishilgan. Bundan tashqari, yil boshidan 1 956 nafar, oy davomida 36 nafar qidiruvda bo‘lgan jinoyatchilar ushlandi”, - deya ma'lum qildi ShIIBB rasmiy vakili. 

Top