09:22 / 11.12.2017
49576

Dunyoning eng ko‘p qurol sotuvchi mamlakatlari – AQSh va Rossiya

Foto: CNNMoney

Jahon maydonida kelishmovchilik va ziddiyatlar tobora kuchayib hamda ko‘payib borayotgani, ularning qurolli harakatlarga aylanib ketish xavfi ortayotgani qurol-yarog‘lar savdosi avj olishiga turtki bermoqda. Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti – Stockholm International Peace Research Institute (SIPRI)ning bu yilgi hisoboti shunday fikrni ta'kidlamoqda. 

Dunyoning 100 ta qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchi kompaniyalari tomonidan sotilgan qurollar va ko‘rsatilgan harbiy xizmatlar hajmi 2016 yilda 2015 yilga nisbatan 1,9 foizga o‘sdi. AQSh va Rossiya bu borada qurollar sotish miqdorini oshirdi. Stokgolm instituti jahonning 100 ta yirik harbiy-sanoat kompaniyasi reytingini e'lon qildi. 

Tahlilchilarning qayd etishlaricha, 2016 yili so‘nggi besh yilda ilk bor savdo hajmi ko‘tarilgan. Amerika kompaniyalari umumiy qurol-yarog‘lar savdosida o‘z ulushini 4 foizga yaxshilab olgan. AQShning jahon qurollar savdosidagi umumiy ulushi esa, 57,9 foizni tashkil etmoqda va hamon birinchi o‘rinni egallab turibdi. G‘arbiy Yevropa davlatlari ham qurollar savdosini 0,2 foizga oshirishning uddasidan chiqishgan. Reytingga kiritilgan Rossiya kompaniyalarining 2016 yildagi ulushi 3,8 foizga o‘sgan, biroq ekspertlar o‘sish sur'ati sekinlashganini ta'kidlashgan. 
Umuman olganda Rossiyaning jahon qurol-yarog‘lar savdosidagi ulushi 7,1 foizni tashkil etmoqda.

Tadqiqotchilar bunda "yangi ishlab chiqaruvchilar" toifasiga kiritgan kompaniyalarga ham e'tibor qaratgan. Ular asosan Braziliya, Hindiston, Janubiy Koreya va Turkiyada joylashgan. O‘sayotgan bozorlar ro‘yxatini Janubiy Koreya ishlab chiqaruvchilari 20,6 foizlik ko‘rsatkich bilan boshqarib bormoqda.

Foto: CNNMoney

Umuman olganda, 2016 yil yakunlariga doir reytingda ham avvalgi yillarda bo‘lgani kabi AQSh va G‘arbiy Yevropa mamlakatlari kompaniyalari yetakchilik qilmoqda. Ro‘yxatdagi 100 kompaniyaning 63 tasi ayni mintaqalarga to‘g‘ri keladi. Rossiya kompaniyalari soni 11 tadan 10 taga kamaygan. 

Ro‘yxatni bir necha yil mobaynida Amerikaning Lockheed Martin konserni egallab turibdi. Ikkinchi o‘rinda AQShning yana bir kompaniyasi – Boeing boryapti. Yetakchi uchlikni ayni mamlakatning Raytheon firmasi yakunlamoqda. 

Mavzuga oid
Top