07:56 / 12.12.2017
8309

8 milliondan ko‘proq yamanlik ommaviy ocharchilik yoqasida turibdi – BMT

Foto: Reuters/Khaled Abdullah

Yaman aholisining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i – 8,4 mln kishiga ommaviy ocharchilik xavf solmoqda. Bu haqda 11 dekabrda BMT bosh kotibining rasmiy vakili Farxon Haq jurnalistlarga ma'lum qildi. U BMTning Yamanga gumanitar yordami koordinatori Jyeymi Makgoldrikning bayonotidan parcha keltirib o‘tdi.

BMTning baholashicha, Yamanning Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya kuchlari tomonidan qamal qilinishi davom etmoqda va “yoqilg‘i, oziq-ovqat va dori-darmon yetishmovchiligiga olib kelmoqda va yordamga muhtoj odamlarning sonini ko‘paytirmoqda”. 

Makgoldrikning ta'kidlashicha, ayni vaqtda Yamanda gumanitar operatsiyalarni qayta boshlash ustuvor vazifa hisoblanadi. Uning aytishicha, “ocharchilik yoqasida turgan millionlab, jumladan, 8,4 mln yamanlik gumanitar xodimlarning operatsiyani davom ettira olish va tibbiy yordam, ichimlik suvi, yegulik va qon taqdim qila olishiga bog‘liqdir”.  

BMTning jiddiy xavotiriga Yamanda davom etayotgan vabo epidemiyasi sabab bo‘lmoqda. Dekabr oyi boshiga ko‘ra, Yamanda ushbu kasallikka 975 ming kishi chalinganlikda gumon qilinmoqda. Epidemiyadan 2,2 ming yamanlik vafot etgan. 

Yamanda 2014 yil avgustidan beri davom etayotgan urush sababli mamlakatning 21 mln aholisi, ya'ni 70 foizdan ko‘prog‘i gumanitar yordamga ehtiyoj sezmoqda.   

Mavzuga oid
Top