09:17 / 12.12.2017
50719

Xitoylik taniqli ekstremalning halok bo‘lishi videosi paydo bo‘ldi 

Internetda xitoylik taniqli rufer Yun Nin o‘zining ko‘plab qaltis tryuklaridan birini bajarishi vaqtida halok bo‘lgani videosi paydo bo‘ldi. 

Eslatib o‘tamiz, ruferlar turli binolar va inshootlar tomlariga chiqib, u yerda qaltis tryuklarni bajaradilar.  

Foto : Cgtn.com

Foto : Cgtn.com

Videoda 26 yoshli yigit uning halok bo‘lishi bilan yakunlangan tryukni bajarayotganini ko‘rish mumkin. Rufer osmono‘par binolardan birining tomi chekkasini ushlagancha pastga osilib turadi. Birinchi gal u tomga qayta chiqishga muvaffaq bo‘ladi, biroq ikkinchi marta unda buni bajarishga kuch qolmaydi va u pastga qarab qulaydi.  

Mahalliy OAVning ma'lum qilishicha, baxtsiz voqea Xunan viloyatida 8 noyabrda yuz bergan, biroq u haqda endigina ma'lum bo‘lgan. 

Rufer o‘z tryuklarini muntazam ravishda o‘z blogida joylashtirib borgan. Ruferning obunachilari u ishtirokidagi yangi videolar bir oycha paydo bo‘lmagandan keyin xavotirlana boshlashgan. Shundan keyingina ruferning do‘stlaridan biri u Chansha shahridagi binodan tushib ketib, halok bo‘lganini ma'lum qilgan. Uning jasadi keyingi kuni topilgan.

  

Rufer do‘stlarining aytishicha, u onasining davolanishi uchun pul ishlash maqsadida shunday xavfli kontentni yaratish bilan shug‘ullangan.

Yigit o‘zi bajargan tryuklar videolarini Weibo ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirib borgan. Uning sahifasiga 230 mingdan ko‘proq foydalanuvchi obuna bo‘lgan. Ma'lum qilinishicha, yigit o‘z faoliyatini jang san'ati ustasi va aktyor sifatida bir nechta filmlar va seriallarda suratga tushish bilan boshlagan.  

Top