12:50 / 12.12.2017
35817

Imomali Rahmon Iordaniyaga kutilmagan taklif bilan chiqdi 

Foto: News.tj

Tojikiston prezidenti Iordaniya poytaxti – Oman shahri kengashi deputatlari bilan uchrashuv davomida Iordaniyaga tojik chuchuk suvini yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish taklifi bilan chiqdi, deb xabar bermoqda Tojikiston OAV.

Xabar qilinishicha, omanlik deputatlar Tojikiston prezidentining taklifini qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlashgan.

Imomali Rahmonning eslatishicha, Tojikiston chuchuk suv zaxiralari bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Uning ma'lum qilishicha, Markaziy Osiyo mintaqadagi chuchuk suvning taxminan 60 foizi Tojikiston hududida to‘planadi.

«Dunyoda neft va gazni yetkazib berish uchun yuz ming kilometrlab quvurlar qurilgan, Tojikistondan Iordaniyaga chuchuk suvni yetkazib berish bo‘yicha quvur qursak nima bo‘ladi?» - deya ta'kidlab o‘tdi Tojikiston prezidenti o‘z chiqishida.

Iordaniya suv resurslari va irrigatsiya vaziri Xazem al-Nosirning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda suv yetishmovchiligi yiliga 600 milliard litrdan oshib ketdi. Bir kub metr uchun to‘lov atigi 0,7 dollarni tashkil etadi, yetkazib berish qiymati esa – 2,5 dollar. Qirollik har yili suv ta'minotini qo‘llab-quvvatlashga 277 million dollar sarflaydi.

10 dekabr kuni Imomali Rahmon Iordaniya qiroli Abdulla II bin Husayn bilan uchrashuv o‘tkazdi hamda rasmiy Dushanbe Iordaniya bilan munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor ekani, u «arab dunyosida nufuzli mamlakat»ligini ma'lum qildi. 

Prezident va qirol o‘rtasidagi muzokaralar yakunlanganidan so‘ng ikki davlat o‘rtasida uchta hukumatlararo bitim imzolandi, ular investitsiyalarni himoya qilish, soliqlar, oliy ta'lim va ilmiy faoliyatga tegishli.

Imomali Rahmon o‘sha kuni Iordaniya bosh vaziri Xoni Favziy al-Mulkiy bilan uchrashuv o‘tkazdi, u bilan savdo, iqtisodiyot, turizm, ta'lim, madaniyat, agrar sektor sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Prezident va bosh vazir o‘rtasidagi muzokaralar yakunlanganidan so‘ng diplomatik pasport egalarining vizasiz safarlari to‘g‘risida hukumatlararo bitim, Tojikiston va Iordaniya TIV o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar bo‘yicha memorandum, savdo, iqtisodiyot, ilm-fan va texnika sohalaridagi hamkorlik bo‘yicha Bitim, agrar sektor, madaniyat va san'at, turizm sohasidagi kelishuvlar, shuningdek, ikki davlat savdo-sanoat palatalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Imomali Rahmon Oman shahrining faxriy fuqarosiga aylangani xabar berilgandi.

Top